06:15 / 03.09.2015
2370

“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK 30 sentabrgacha o‘zining Kiyevdagi vakolatxonasini yopadi

“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK 30 sentabrgacha o‘zining Kiyevdagi vakolatxonasini yopadi, deb ma'lumot berdi aviakompaniyadagi manba 12news.uz muxbiriga.

Bundan avval MAK O‘zbekiston va Ukraina muttasadi idoralari o‘rtasida kelishilgan liniyalardan foydalanish bo‘yicha kelishuvlarning yo‘qligi sababli 2015 yil 12 maydan Toshkent-Kiyev-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY741/742 reyslarining vaqtinchalik to‘xtatilishini ma'lum qilgan edi.

O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Abdualiyev Ukraina tomonidan bir tomonlama tartibda ikki davlat poytaxtlari o‘rtasida havo aloqasining yopilishi ikki davlat o‘rtasidagi havo aloqasi va havo transporti sohasidagi hamkorlik bo‘yicha kelishuv shartlariga zid ekanligini aytgan.

“Ukraina hukumati darajasida ikki oy avval O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasida havo aloqasini tiklash bo‘yicha ortga surib bo‘lmaydigan choralar ko‘rilishi baralla aytilgan bo‘lsada, biroq bu vazifalar Ukrainaning mas'ul vazirliklari va boshqarmalari tomonidan e'tiborsiz qoldirildi. Shu bilan birga jarayonni to‘xtatish hamda O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasida havo aloqasining to‘liq to‘xtatilishining oldini olish imkoniyati hali ham mavjud”, deb aytmoqda A.Abduvaliyev.

Top