12:29 / 03.09.2015
2947

13 yoshli toshkentlik shaxmatchi Xanty-Mansiyskda sensatsiya qayd etdi

Rossiyaning Xanty-Mansiysk shahrida 2 sentabrda start berilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatining birinchi turida bir qator kutilmagan natijalar qayd etildi. Unda O‘rta Osiyoning ikki vakili yuqori reyting natijalariga ega raqiblarini mag‘lub etishdi.

O‘zbekistonlik 13 yoshli Shamsiddin Vohidov (2292) chora donalarda 2015 yilda xalqaro grossmeyster unvoniga ega bo‘lgan 16 yoshli hindistonlik shaxmatchi Kartxikeyan Murali (2509)ni mag‘lub qildi.

Qozog‘istonlik FIDe ustasi Denis Maxnev (2358) ham qora donalarda o‘ynab, argentinalik shaxmat bo‘yicha xalqaro usta Pichot Alan (2528)ni taslim etdi.

Chempionatning qizlar bahsida rossiyalik Karina Ivanova (2177) ham sensatsiya qayd etib, Indoneziya vakili, reyting favoritchisi Auliya Medina Varda (2417) ustidan g‘alabaga erishdi.

magichess.uz sayti ma'lumotiga ko‘ra, 3 sentabr kuni turning ikkinchi partiyalari bo‘lib o‘tadi. Unda Shamsiddin Vohidov yana bir hind yosh shaxmatchisi Sunildutx Lina Narayanan (2473) bilan muhorabaga kirishadi.

Top