00:49 / 04.09.2015
6040

Osiyoda JCh-2018 saralashining ikkinchi bosqichida 3 tur o‘yinlari yakunlandi

3 sentabr kuni Osiyoda 2018 yilgi jahon chempionati va 2019 yilgi Osiyo kubogi uchun saralash o‘yinlarida ikkinchi bosqichning 3 tur o‘yinlari o‘tkazildi.

Biroz oldinroq, “N” guruhidan o‘rin olgan O‘zbekiston terma jamoasi guruhdagi ikkinchi o‘yinini Yamanga qarshi o‘tkazgan va 1:0 hisobida g‘alaba qozongandi.

Guruhdagi ikkinchi uchrashuv Bahrayn va KXDR o‘rtasida o‘tkazildi va bu o‘yin shimollik koreyslarning kichik hisobdagi g‘alabasi (1:0) bilan yakunlandi. Navbatdagi 3 ochkodan keyin KXDR 3 o‘yinda 9 ochko jamg‘argan holda guruhda yaqqol peshqadamga aylandi. Ikkinchi o‘rinda esa 2 o‘yindan 6 ochko to‘plagan Filippin joylashgan. Yamanni mag‘lub etish orqali ilk ochkolarini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston uchinchi o‘rinda turibdi. Guruh autsayderlari Bahrayn va Yamanda esa bironta ochko yo‘q.

O‘zbekiston – Yaman 1:0

Gol: Aleksandr Geynrix (51)

Chetlatish: Mudir Al Radei (87)

Bahrayn – KXDR 0:1

Gol: Chjon Il Kvan (44)

Bugun Osiyodagi barcha 8 guruhda o‘yinlar davom ettirildi. N guruhidagidan farqli ravishda boshqa guruhlar ishtirokidagi o‘yinlar gollarga boy bo‘ldi.

S guruhi

Xususan, S guruhidagi Qatar va Butan jamoalari ishtirokidagi o‘yin mezbonlarning 15:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Guruhning ikkinchi uchrashuvi esa Xitoy va Gongkong o‘rtasida kechib, bu o‘yinda hisob ochilmay qoldi. Ayni paytda bu guruhda kutilmaganda Gongkong 7 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. Qatarda 6, Xitoyda 4, Maldiv va Butanda 0 ochko.

Qatar – Butan 15:0

Gollar: Musa (8, 27), Kasola (18), Assadalla (20, 45, 63), Xasan Xolid (26, 87), Muntari (38, 41, 48),  Afif (56), Xuxi (61, 69), Muhammad (75)

Xitoy – Gongkong 0:0

A guruhi

Turning ikkinchi yirik hisobi A guruhi vakillari BAA hamda Malayziya terma jamoalari tomonidan qayd etildi. Bu o‘yinda arablar Sharqiy Osiyo vakillari darvozasiga javobsiz 10ta gol yo‘llashdi. Guruhdagi ikkinchi uchrashuvda Saudiya Arabistoni Sharqiy Timorni qabul qildi va  7:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ayni vaqtda Saudiya Arabistoni va BAA 6 ochkodan jamg‘arib, qo‘shpeshqadamlik hosil qilishgan. Falastinda 3 ochko, Sharqiy Timor va Malayziyada esa o‘zaro o‘yinda olingan bittadan ochko bor.

BAA – Malayziya 10:0

Gollar: Gollar: Salem (16), Ali Mabhut (22, 33, 75), Ahmad Xalil (24, 29, 71, 78), Fardan (25), Ahmad (37)

Saudiya Arabistoni - Sharqiy Timor 7:0

Gollar: Al-Shahri (3), Al-Salaui (23, 26, 71), Al-Faraj (30), Al-Jassim (33), Al-Muvallad (73)

 

V guruhi

Qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikiston terma jamoalari ishtirok etayotgan V guruhida vaziyat ancha chigallashgan. Bugun Avstraliya Bangladeshni 5:0 hisobida yengib, ochkolari sonini 6taga yetkazdi va guruh peshqadamligini qo‘liga oldi. Iordaniya va Qirg‘iziston o‘rtasidagi uchrashuv golsiz durang bilan yakunlandi. Endi bu jamoalar 4 ochkodan to‘plagan holda 2 va 3 o‘rinlarni bo‘lishib turishibdi. Bangladesh va Tojikistonda bittadan ochko. Lekin Tojikistonning zaxira o‘yini ham mavjud.

Avstraliya – Bangladesh 5:0

Gollar: Mettyu Leke (6), Tomas Rogich (8), Topu Barman (avtogol, 20), Natan Byorns (29), Aaron Muy (61)

Iordaniya – Qirg‘iziston 0:0

 

D guruhi

D guruhida "Guam ertagi" yakunlandi. Dastlabki turlarda ketma-ket g‘alabalar orqali guruhda karvonboshilikni qo‘liga olgan guamliklar uchinchi turda Eronga kelib, 0:6 hisobidagi yirik mag‘lubiyatga uchrashdi. Ummon esa Turkmanistonni 3:1 hisobida taslim etdi. Bu guruhda hozirda 3 terma jamoa 6tadan ochko yiqqan. Lekin to‘plar nisbatiga ko‘ra Eron, Ummon va Guam oldinma-ketin joylashgan. Turkmanistonliklarda birgina ochko, hindistonliklarda esa ochko yo‘q.

Eron – Guam 6:0

Gollar: Dejaga (10), Tarami (31, 65), Azmun (34, 41), Torobi (89)

Ummon - Turkmaniston 3:1

Gollar: Al-Muhayniy (7), Saparov (avtogol, 10), Al-Husniy (59) - Amanov (83)

 

Ye guruhi

Ye guruhidan joy olgan Yaponiya o‘zining 3 turdagi uchrashuvini Kambojaga qarshi o‘tkazib, xotirjamlik bilan 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Suriya esa Singapurni kamtarona 1:0 hisobida yengdi. Natijada, suriyaliklar 6 ochko bilan guruh yetakchisiga aylanishgan. 2 va 3 o‘rinlardagi Yaponiya va Singapur hisobida 4tadan ochko mavjud. Bu turda dam olgan Afg‘onistonda 3 ochko bor, Kambojada esa 3 o‘yindan keyin ham ochko mavjud emas.

Yaponiya - Kamboja 3:0

Gollar: Xonda (29), Yosida (50), Kagava (61)

Suriya - Singapur 1:0

Gol: Abd Al Jafal (60)

 

F guruhi

F guruhida ham 3 tur o‘tkazildi. Bu guruh vakili bo‘lgan Indoneziya turnirdan chetlashtirilgani uchun, guruhda bu turda bitta o‘yin bo‘lib o‘tdi va unda Iroq Xitoy Taypeyini 5:1 hisobida mag‘lub etdi. Guruh peshqadami Tailand esa bu turda dam oldi. Ayni vaqtda Tailand 6 ochko bilan birinchi, Iroq 3 ochko bilan ikkinchi.

Iroq - Tayvan 5:1

Gollar: Adnan (37), Xusniy (59), G‘ani (80), Mahmud (88), Meram (90) - Zin Xao

 

G guruhi

G guruhida ham yirik hisoblar qayd etildi. Avvaliga Janubiy Koreya Laosni 8:0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, Kuvayt o‘z maydonida Myanma ustidan 5:0 hisobida ustun keldi. Endilikda guruhda 6 ochko to‘plagan koreyslar to‘plar nisbatiga ko‘ra birinchi bo‘lib turishibdi. Ikkinchi o‘rindagi Kuvaytda ham 6 ochko. 3 ochkosi bor Livan esa bu turda dam olgan. Guruh autsayderlari Laos va Myanmada ochko yo‘q.

Janubiy Koreya – Laos 8:0

Gollar: Li Chun Yun (10), Son Xin Myun (12, 74, 90), Kvon Chxan Xun (30, 75), Xen Chjun Suk (58), Jay Sung Li (90+1)

Kuvayt - Myanma 9:0

Gollar: Nosir (10, 18), Maksud (12), Zaid (46), Min Tun (avtogol, 57), Al-Mashan (61), Al-Mutva (69, 89, 90)

Keyingi tur o‘yinlari 8 sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Top