15:30 / 05.09.2015
15249

Aylanayin bo‘ylaringdan, Aylonginam!

Kun.uz saytida Suriyadagi urushdan qochish uchun ota-onasi va akasi bilan dengiz kechayotgan uch yasharli Aylon ismli bolakayning suratlari va ushbu suratlar atrofida sodir bo‘lgan voqea-hodisalar ko‘plab ijodkorlarning tuyg‘ularini junbushga keltirdi. Kuni kecha e'tiboringizga shu munosabat bilan chizilgan suratlarni havola etgan bo‘lsak, bugun o‘zbek havaskor va professional shoirlarining she'rlarini taqdim etamiz.
Maqsadimiz bolakayning dardini dunyoga yoyish, inson qalbida nozik go‘dakka nisbatan rahm-shafqat tuyg‘ularini jo‘sh urdirish emas. Bugungi notinch dunyoning minglab, balki millionlar qurbonlaridan biri bo‘lmish Aylon haqidagi she'r va ijod namunalari misolida o‘zbek xalqining urush va mojarolarga, har qanday qon to‘kishlarga butkul qarshi ekanligini ko‘rsatish, yurtdoshlarimiz qalbida bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun shukronalik tuyg‘ularini yana bir bor alanga oldirishdan iborat. Quyida tahririyatimizga yuborilgan, ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan ana shunday she'rlarning ayrimlarini havola qilamiz.

Aylanayin sendan, Aylonginam!

Issiq o‘rning, par bolishing qani jonim?
Kimlar seni shunday ko‘yga soldi bolam.
Sovuq suvning zarbasidan qaynar qonim,
Bag‘rim tilar, ko‘zim yoshlar ohu nolam.

Aylanayin bo‘ylaringdan, Aylonginam,
Munis, munchoq ko‘zlari jim, hayronginam!

Kas-nokaslar sig‘gan dunyo sohillarin,
Kelib-kelib, sen go‘dakdan qizg‘andilar.
Shaytonga el bo‘lgan urush “sohib”lari
Seni yengib bugun “zafar” qozondilar.

Dunyolarni sovg‘a qilgan Aylonginam,
Jasur, saxiy, nozikkina polvonginam!

Ey, keksalar, zaifalar qattollari!
Bolalarga urush ochgan hezalaklar.
Iblis qavmin eng pastkashu qalloblari,
Dastingizdan nobud murg‘ak kapalaklar!

Kapalakdek uchmasmiding, Aylonginam,
Jannat hidi ketmagan gul rayhonginam!

Bolasini alqab deydi: asal-qandim,
Qani edi shu el aro tug‘ilsayding!
Barcha yoshlar - farzandlarim degan mardning,
Keng bag‘rida o‘ynab-kulib o‘sar eding!

Kechir, seni saqlolmadik, Aylonginam,
Baxting ko‘rmoq yuragimda armonginam!

Manba: tiu.uz

* * *
Dengiz silar sochlaringni, uxlarsan jim, beparvo,
Tushlaringga oppoq oydin tonglar kirar xushnavo,
Shirin uyqung buzmayin deb unsiz yig‘laydi samo,
Sen yashasang, tuproq bag‘ri to‘lmasmidi, bolajon,
Baliq bo‘lib suzib ketsang bo‘lmasmidi, bolajon.
Ozmi sendek bechoralar notinch yurtda tug‘ilgan?
Qara, tog‘lar cho‘kib borar ma'yus, qaddi bukilgan,
Ayt, seni kim xafa qildi — mushtchalaring tugilgan,
Tinch ellarda yursang baxting kulmasmidi, bolajon,
Baliq bo‘lib suzib ketsang bo‘lmasmidi, bolajon.
Katta bo‘lsang, eslab bir kun o‘shal mudhish chog‘larni,
Yarashtirib qo‘yarmiding balki urushqoqlarni,
Ulasharding go‘daklarga shirin muzqaymoqlarni,
Otang kechgan daryo ravon yo‘lmasmidi, bolajon,
Baliq bo‘lib suzib ketsang bo‘lmasmidi, bolajon.
Seni ko‘rib — qancha odam yurak-bag‘rin tig‘ladi,
Noshukrlar osoyishta kunlar qadrin ilg‘adi,
Beshik ichra kulib yotgan o‘g‘lin quchib yig‘ladi,
Sen tushgan suv najot otlig‘ ko‘lmasmidi, bolajon,
Baliq bo‘lib suzib ketsang bo‘lmasmidi, bolajon.
Necha yilki Shom elini quyosh ham chetlab o‘tar,
Halovatlar, salavotlar, quvonch ham chetlab o‘tar,
Sen ham buncha arazlama, kel endi boshing ko‘tar,
Uch yoshida men ko‘rmagan g‘amni ko‘rgan, bolajon,
Ruhi jannat bulog‘ida suzib yurgan, bolajon.

Zohidjon OLOV

* * *

Jannatga ketdingmi bolam?!

Qalbi so‘qir, onggi mog‘orlagan dunyo ahlidan ranjima aslo. Sening ranjishingga arzimas ular. Bolam ulardan Alloh ranjigan. Bolam Sen jannatda orom ol endi...Sen ranjima dunyo ahlidan oppoq orzularingni o‘zlarining kayfu safosi uchun kerak bo‘lgan boylikka almashgan bo‘lsa ham. Ular oxiratga inson aqli yetmaydigan azoblarni sening orzularingga almashib bo‘lishdi. Bolam sen jannatda orom ol. Sen ranjima dunyo ahlidan seni suvga g‘arq qilishgan bo‘lsa ham. Ular gunoh ummoniga g‘arq bo‘lgan axir. Bolam seni tinmay duo qilaman....ko‘zimga tinmayin yosh kelar e voh...sen eng baland maqomda turib Allohning yonida oynaysan endi. Bolam Sen Allohning suygani bo‘lding....Bolam sen mendan ranjima aslo....seni halok qilsalar ham jim turganim uchun. Men hali bu gunohga olaman jazo... Jannatga ranjimay ketgan bolama!

Xurshid Daliyev.

* * *
Alanning so‘ngi so‘zlari

To‘rtta mucham but edi.
Ko‘zchalarim o‘yilmay
Men urushdan qochgandim.
Portlamasdan
So‘yilmay.....

Yashamoqchi edimku!
Talpingandim ziyoga
Yaxshiliklar qilmoqchi
Edim yomon dunyoga.
Darbon bo‘lgim kelgandi
Qizg‘andingmi bag‘ringni?
Shiringina orzuyim
Keltirdimi qahringni?
Nima deding, shovullab
Umidlarim o‘ldirib?
Sen ham aldab qo‘ydingga
Quloqchamni to‘ldirib?
Alla-alla bolam deb
Onam bo‘lib aldading.
Ertak aytib, erkalab
Otam bo‘lib aldading.
Murg‘akkina jonimga
Kuchi yetgan zo‘r dengiz.
Endi uvlab yig‘lamay
Qurboningni ko‘r dengiz!
G‘olib degan akam ham
Mag‘lub bo‘ldi bag‘ringda.
Yana qancha qorako‘z
Yotar ekan qa'ringda?
Qaboxatdan qochgan u
Qismatimiz ko‘r, dengiz!
Endi sen ham mashhursan
Peshonasi sho‘r dengiz!
To‘rtta muchcham but edi.
Ko‘zchalarim o‘yilmay
Men ajaldan qochgandim.

Portlamasdan
So‘yilmay...

M. Ibrohimova

* * *
Ko‘zlarim qa'rini bir alam bosdi,
Sohilda bir go‘dak yotar begunoh...
Yoronlar, bu cho‘kkan go‘dak emasdi,
Musulmon g‘ururi cho‘kkan edi, oh!

Xayrulla Hamidov

* * *

Shahidlar qavmining orasidalar
Bevaqt o‘lim topgan norasidalar
Tushdi o‘t dunyoning bor toatiga
Loyiq el qolmadi shafoatiga.

Qahramon Aslanov

Top