14:38 / 05.09.2015
4868

Hokimlik: Jizzaxda 50 ming qirg‘iz yashaydi

Jizzax viloyatida qirg‘iz millatiga mansub 50 mingdan ziyod aholi yashaydi. Bu haqda viloyat hokimlik saytida chop etilgan materialda aytildi.
Material muallifi, viloyat qirg‘iz milliy-madaniy markazining raisi Mamat Gulboyevning ta'kidlashicha, mamlakatda barcha millat va elat vakillari uchun bir xil teng sharoitlar yaratilgan.

“Viloyatimizda qirg‘iz millatiga mansub 50 ming nafar aholi yashaydi. Baxmal tumanida 7 ta, Zominda 6 ta qirg‘iz maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. "Tumor” deb nomlanuvchi badiiy havaskorlik jamoasiga egamiz. Arnasoy tumanida tashkil etilgan mazkur dasta a'zolari aka-uka Asilbek va Alisher Zoidbekovlar rahbarligida o‘z ijodiy mahoratlarini oshirib borishayapti”, - deydiGulboyev.
Aytilishicha, mustaqillikning o‘tgan yillari davomida darslar qirg‘iz tilida olib boriladigan maktablarning deyarli barchasi qaytadan rekonstruksiya qilingan. Qirg‘iz qishloqlarida yangi maktablar qurilgan.
“Bugun shu narsa qalbimizga quvonch bag‘ishlaydi: viloyatimiz ishlab chiqarishining, madaniy hayotning qaysi jabhasiga qaramang, u erda qirg‘iz millatiga mansub zamondoshlarimizning fidokorona mehnat qilishayotganligini ko‘rasiz, - so‘zida davom etadi muallif. - Masalan, nafaqat Jizzax viloyati, balki respublika ahliga yaxshi tanish bo‘lgan Xidir Shukurovni olaylik. U allaqachon 80 yoshdan oshgan bo‘lsada, hali g‘ayrat-shijoatdan qolgani yo‘q.

Xalq deputatlari viloyat Kengashining deputati sifatida tashabbuskorligi, fidoyiligi bilan saylovchilar ishonchini oqlamoqda. Viloyat pedagog xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining kafedra mudiri Pardaboy Berdibekov, Jizzax Davlat pedagogika institutining o‘qituvchilari To‘ychi Ismoilov, Ergash Shomurodov va boshqa ko‘plab millatdoshlarimiz barkamol avlod tarbiyasi yo‘lida samarali mehnat qilishmoqda. Viloyat ishlab chiqarishining boshqa sohalari taraqqiyotida ham millatdoshlarimizning munosib hissalari bor.

Ma'lumki, respublika baynalmilal markazi tashabbusi bilan Mirzacho‘lni, Jizzax cho‘llarini o‘zlashtirishda jasorat va matonat ko‘rsatgan, ayni paytda oramizdan o‘tgan kishilar haqida so‘z yurituvchi asarlarni chop etish yo‘lga qo‘yilgan. Materialda eslatib o‘tilishicha, ushbu loyiha doirasida o‘tgan yili mashhur paxtakor, qirg‘iz millatiga mansub Sattor Usmonovning hayot yo‘liga bag‘ishlangan "Cho‘l burgutining sinovlarda kechgan umri” nomli kitob nashrdan chiqqan.

“Muxtasar qilib aytganda O‘zbekiston —barchamiz uchun muqaddas go‘sha. Uning ravnaqi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatish kim, qaysi millat vakili bo‘lmaylik muqaddas burchimiz. Ana shu ezgu maqsad biz — qirg‘izlarni hamisha olg‘a boshlaydi”, - xulosa qildi Gulboyev.

Top