16:59 / 05.09.2015
9720

OAV: seriallar oilasizlikni targ‘ib qilmoqda

O‘zbekiston matbuotida xorijiy seriallarni tanqid ostiga olish davom etmoqda. Bu safar “Oila davrasida” gazetasida chop etilgan maqolada bunday seriallar “jyentlmenlik” niqobi ostida oilasizlikni, palapartish hayot kechirishni targ‘ib qilayotgani iddao etildi.

“Hozir xorij kinofilmlarining aksariyatida kibor xonimlar davrasida yuradigan izquvar, olifta va o‘zboshimcha shifokor, xudbin xonanda, yengiltabiat biznesmen kabilar asosiy qahramon qilib ko‘rsatiladi, - deb yozadi maqola muallifi. – Tanganing ikkinchi tomoniga e'tibor berib qarasangiz, ularda na oila, na bola-chaqa, na bir mas'uliyat bo‘ladi. Ota-onaga hurmat o‘rniga ularning merosiga qanday ega bo‘lishga targ‘ib qo‘proqdek, nazarimda.

Oila qurishga biron mansabga erishish yoki boylik orttirish kabi shaxsiy g‘arazlar panjarasi ortida qaraladi. Begona erkakning ayol kishi bilan uning eri oldida shakarguftorlik qilishiga oddiy holat – “jyentlmenlik”, etika deb qaraladi”.
Muallif ushbu holatlarni o‘zbek milliy urf-odatlari bilan qiyoslaydi va, tabiiyki, o‘zbek odatlari yaxshiroq va mukammalroq degan xulosaga keladi.

U oilaning inson hayotida muhim o‘rin tutishiga, “bir oilaga bosh bo‘lmagan” odamning “obro‘-e'tibori va mol-davlati bir pulga qimmat hisoblanishi”ga urg‘u beradi.
“Ha, oilaning o‘zi bizda katta bir qadriyat. Zero, har qanday ezgulik ham oilaning musaffo muhitida kamol topadi... Oiladan yiroqlashish – oilaviy qadriyatlardan ham uzoqlashishdir”, - xulosa qiladi u.

Top