17:38 / 06.09.2015
9850

AQShda musulmon styuardessa alkogol ichimliklarini tarqatishni istamagani uchun ishdan haydaldi

Amerikaning ExpressJet aviakompaniyasida styuardessa bo‘lib ishlaydigan Chari Stenli (Charee Stanley) parvoz vaqtida alkogol ichimliklarini buyurtma qilgan yo‘lovchilarga ularni tarqatishdan bosh tortgani uchun ishdan haydaldi. Bu haqda CNN telekanali xabar tarqatdi.
Sentyabr oyi boshida Stenli AQShning Bandlik muammolari va teng imkoniyatlar federal agentligi(EEOC)ga ish beruvchining qarori yuzasidan huquqlarining kamsitilishi haqida ariza taqdim etib, hech kim din yoki kar'yerani tanlash majburiyatiga ega bo‘lmasligini talab qildi. Jabrdiydaning advokati Lena Massi Amerika-islom munosabatlari kengashida ish beruvchining asosiy vazifasi — xodimlarning ishdan bo‘shashdan havotir olmasdan diniy e'tiqodiga o‘zini erkin his etgan holda amal qilishi uchun xavfsiz muhitni yaratishdan iborat, deya ta'kidlab o‘tdi.
Advokatning so‘zlariga ko‘ra, Stenli hamkasblaridan biri Amerika aviakompaniyasiga uning yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishdan bosh tortgani sababli ko‘proq ishlashga majbur bo‘layotganlari to‘g‘risida shikoyat arizasini yuborganiga qadar biror qiyinchilikka duch kelmagan. Mazkur arizada boshqa styuardessalar Stenli ish vaqtida musulmoncha libos kiyib, aviakompaniya dress-kodi — kiyinish bo‘yicha qoidalarga rioya qilmagani ham aytilgan.
Shundan so‘ng 25 avgust kuni ExpressJet kompaniyasi o‘z xodimasiga ogohlantiruvchi maktub yuborib, uning bir yil muddatga ishdan bo‘shatilganini ma'lum qilgan va o‘ziga yangi ish topishni tavsiya etgan.
1 iyunda esa styuardessa aviakompaniya rahbariyatiga alkogol ichimliklar buyurtma qilgan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmasligiga imkon beruvchi iltimos bilan murojaat qilib, bunga diniy aqidasiga ko‘ra nafaqat mast qiluvchi ichimliklarni iste'mol qilish, balki ularni boshqalarga taklif qilish ham taqiqlanishini sabab qilib ko‘rsatgan.
Stenli ExpressJet kompaniyasida uch yildan buyon ishlab kelayotgan bo‘lgan. Islomni qabul qilganiga esa yetti yil to‘lgan.
ExpressJet Airlines — Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi hududiy aviakompaniya bo‘lib, boshqaruv shtabi Texas shtatining Xyuston shahrida joylashgan.

Top