15:52 / 06.09.2015
3416

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Manilaga uchib ketdi

Samvel Babayan boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi 6 sentabr kuni tongda Jahon chempionati-2018 ikkinchi saralash bosqichi, 4-turi doirasidagi Filippinga qarshi o‘yinni o‘tkazish uchun charter reys bilan Manilaga uchib ketdi.

Filippin poytaxtiga yo‘l olish oldidan jamoa to‘rtinchi va beshinchi sentabr kunlarida Toshkentdagi “Jar” stadionida mashg‘ulotlar o‘tkazdi.

O‘zbekiston terma jamoasining Yamanga qarshi e'lon qilingan 23 nafar futbolchidan iborat ro‘yxatidan Filippinga qarshi o‘yinga yo‘l olgan tarkibda birgina o‘zgarish bor. Jamoa yarim himoyachisi Fozil Musayev oilaviy sabablarga ko‘ra Manilaga uchmaydigan bo‘ldi. Saralashning 3-turi doirasidagi Yamanga qarshi uchrashuvda diskvalifikatsiya sabab jamoaga yordam bera olmagan Azizbek Haydarov esa Filippinga qarshi o‘yinda maydonga tusha oladi va u jamoa bilan safarga yo‘l oldi.

Eslatib o‘tish kerakki, 7 sentabrda Filippin va O‘zbekiston terma jamoalari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tadi. Filippin – O‘zbekiston uchrashuvi 8 sentabr kuni Toshkent vaqti bilan 17:00 da Bokayu Siti shahrida o‘tkaziladi. 8 sentabr kuni, shuningdek, Dohada Yaman terma jamoasi Bahrayn terma jamoasiga qarshi 4-tur uchrashuvini o‘tkazadi. Shimoliy Koreya terma jamoasi 4-turda dam oladi.

Top