12:41 / 06.09.2015
2065

Tunisda oxirgi 6 oy ichida terrorchilikda gumon qilinib 158 kishi hibsga olindi

Joriy yilning mart oyidan sentabr oyigacha Tunisda terrorchilik tashkilotlariga aloqadorlikda gumon qilinib 158 kishi qo‘lga olindi. Bu haqda Tunis Ichki ishlar vazirligi bergan xabarda aytilmoqda.
Tunisdagi vaziyat hanuzgacha tang bo‘lib qolmoqda. 2015 yilda ekstremistlar mamlakatda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan teraktlarni amalga oshirdilar.
18 mart kuni jangarilar mamlakat poytaxti Tunis shahridagi Bardo muzeyini qo‘lga olib, u yerda sayyohlarga o‘q uza boshlashgan. Ularning bu qabihliklari tufayli 20 dan ortiq kishi halok bo‘lgan edi.
26 iyunda Susi kurort shahrida Tunis tarixidagi eng yirik terakt amalga oshirildi. Radikal islomchi sayyoh ko‘rinishida “Riu imperial marxaba” mehmonxonasi hududiga kirib, plyajda dam olayotgan sayyohlarni avtomatdan o‘qqa tutgan. Oqibatda 38 kishi halok bo‘lgan, yana 40 kishi yaralangan edi.
Ikkala terakt uchun ham javobgarlikni “IShID” terrorchilik guruhi o‘z zimmasiga olgan.
4 iyuldan mamlakatda favqulodda vaziyat tartibi amal qilib keladi.

Top