07:21 / 06.09.2015
4421

Viber asoschisi Twitter’da Pavel Durov bilan stikerlar xususida aytishib ketdi

Viber messenjeri asoschisi Talmon Marko Telegram messenjerida ishlatiladigan stikerlar uning xizmatidan olingan deb hisoblamoqda. Marko bu haqda Telegram asoschisi Pavel Durovga Twitter orqali yozdi.

“Taqlid qilish — xushomadning eng samimiy shakli. O‘g‘rilik esa — yo‘q», deyilmoqda Markoning matnida. Durov o‘z javobida Markoga qanday choralar ko‘rishi kerakligini aytdi.

“Iltimos, abuse@telegram.org pochtasiga to‘sib qo‘yilishi kerak bo‘lgan stikerlarning butun ro‘yxatni jo‘nating. Bizda sizdan nimadir bo‘lishi biz uchun isnod :(“, deb yozdi Durov.

“Albatta, isnod. O‘z odamlaringiz bilan gaplashing, biz hammasini jo‘natganmiz. Yoki statistikaga bir qarang. Eslatma: bu haqiqatda ishlatilayotgan narsa”, deb javob berdi Marko.

“Kechirasanu, oshna, lekin sening lash-lushing radarda ko‘rsatilmagan (u 1000 ta eng yaxshilar reytingida yo‘q). Ko‘rinishicha, Telegram foydalanuvchilari yaxshiroq didga ega”, deb kinoyali javob berdi Durov.

Stikerlar messenjerlar uchun smayliklarga o‘xshash funksiyalarga ega tasvirlar hisoblanadi. Birinchi bo‘lib ularni 2011 yilda Yaponiyaning Line xizmati muomalaga kiritgan. Dastlab ular bepul bo‘lgan, biroq keyinroq xizmat qo‘shimcha tasvirlar to‘plamini pulga taklif qila boshlagan. 2013 yilda Line xizmati daromadining uchdan bir qismini stikerlarni sotishdan olgan. Telegram stikerlarni qo‘llab-quvvatlashni 2015 yilning yanvarida qo‘shgan. Dastlab dasturda 14 ta stiker bo‘lgan, biroq ular WebP formatida yaratilgan va shuning uchun istalgan foydalanuvchi ularni o‘zgartirishi yoki o‘zining shaxsiy stikerlarini qo‘shishi mumkin. Telegram’dagi stikerlar bepul turadi.

2014 yil dekabrida Telegram xizmati 50 mln faol foydalanuvchiga ega bo‘lgan. Xizmat 2013 yilda Rossiyaning “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘i asoschisi Pavel Durov tomonidan ishga tushirilgan. Uzatilayotgan xabarlarni shifrlash texnologiyasini uning ukasi Nikolay Durov yaratgan.

Viber xizmati dunyodagi eng ommabop messenjerlar beshtaligiga kiradi. Bloomberg agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu messenjerdan oyiga 249 mln kishi foydalanadi. Ushbu dastur dastlab 2010 yil dekabrda iPhone smartfonida ishga tushirilgan. Dastur konsepsiyasi va dastlabki ishlab chiqilishiga isroillik Talmon Marko va belarus Igor Magazinnik javob berganlar.

Top