16:30 / 07.09.2015
2533

Babayan: “Filippinga qarshi uchrashuvda eng yaxshi o‘yinimizni namoyish etishga harakat qilamiz”

Jahon chempionati-2018 ikkinchi saralash bosqichi 4-tur o‘yinlari doirasidagi Filippin – O‘zbekiston uchrashuvi oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda dastlab O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan hamda terma jamoa yarim himoyachisi Server Jyeparov ishtirok etishdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar bergan.

“Hozir shunday holatdamizki, biz uchun har bir uchrashuv — eng muhim o‘yin. Chunki turnir jadvalida hozirgi vaqtda 3-o‘rinni egallab turibmiz. Hozir eng muhimi — o‘yinimizni kuchaytirib olish. Chunki jamoa katta salohiyatga ega. Ushbu o‘yinga jamoa bilan juda yaxshi tayyorlandik, deb ayta olaman. Ertaga bizni qiziqarli o‘yin kutib turibdi. Raqibni hurmat qilamiz. Bu jamoa bekorga ikki o‘yinda olti ochko to‘plamadi. Ular bizning guruhda yetakchilardan biri hisoblanadi. Filippin — bir necha yaxshi ijrochilarga ega bo‘lgan va tartibli o‘yin namoyish etadigan jamoa. Shunga qaramay, biz bu yerga o‘z oldimizga qo‘yilgan vazifalarni bajarish uchun keldik. Ertaga o‘zimizning eng yaxshi o‘yinimizni namoyish etishga harakat qilamiz”, — deya 8 sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan haqida Samvel Babayan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Matbuot anjumanida unga hamrohlik qilgan Server Jyeparov ham o‘yin oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashib, jumladan, shunday dedi: “Bu mening Filippinga ilk tashrifim va bu yerda ekanimdan juda xursandman. Bo‘lajak o‘yinga keladigan bo‘lsak, biz bu yerga faqat g‘alaba uchun tashrif buyurganmiz. O‘ylaymanki, ertaga yaxshi o‘yin namoyish qilib, o‘zimizga kerakli natija bilan qaytamiz”.

Jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, Samvel Babayan yana bir necha masalalarga to‘xtalib o‘tdi.

“Haqiqatdan ham biz uzoq parvozni amalga oshirdik va bunga butun kunimiz ketdi. Lekin o‘yinga tayyorgarlik rejamizga muvofiq tarzda ishlarimizni olib borsak, uzoq parvoz o‘yinimizga salbiy ta'sir ko‘rsatmaydi, deb o‘ylayman”

“Terma jamoa va klubda bosh murabbiy bo‘lib ishlash bir-biridan juda farq qiladi. Terma jamoada futbolchilarga o‘z g‘oyalaringni uqtirish uchun vaqt juda oz. Shunday bo‘lsa-da, qo‘l ostimdagi jamoada ko‘plab kuchli klublarda o‘ynayotgan yuqori saviyali futbolchilar bor. Bu borada omadim kelgan deb ayta olaman. Ishonchim komilki, o‘yindan-o‘yinga kuchayib boramiz”.

“Terma jamoada hozir o‘yinni tartibli yo‘lga qo‘yish va o‘zim istagan o‘yin uslubini yigitlarga singdirish men uchun muhim. Shunday paytda jamoangda Server Jyeparov va Aleksandr Geynrix kabi futbolchilarning bo‘lishi bu istalgan murabbiy uchun baxt”.

“Shimoliy Koreyaga qarshi o‘yinda yo‘lga qo‘yilgan asosiy xato himoyadagi parokandalik bo‘lgan va mening terma jamoaga kelib, birinchi bo‘lib qilishim kerak bo‘lgan ish — shu kamchiliklarni bartaraf etish edi. O‘ylaymanki, himoya va hujum chizig‘i o‘rtasidagi mutanosiblik, uyg‘unlik yaxshi yo‘lga qo‘yildi. Bo‘lajak o‘yinlarda avvalgi xatolar takrorlanmaydi deb o‘ylayman”, — deydi O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan.

Top