19:57 / 07.09.2015
4544

Namangan viloyati Norin tumanida Yoshlar markazi foydalanishga topshirildi

Namangan viloyati Norin tumanida Yoshlar markazi foydalanishga topshirildi. Bu haqda UzA nashri xabar bergan.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mehnat faxriylari, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida yosh avlod kamolotiga qaratilayotgan alohida e'tibor ularning zamon talablari asosida ta'lim-tarbiya olishi, o‘z iste'dod va salohiyatini namoyon etishida muhim ahamiyat kasb etayotgani ta'kidlandi.

"Prezidentimizning 2014 yil 6 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida barpo etilgan markaz yoshlarimiz uchun munosib bayram tuhfasi bo‘ldi. Bu maskan yoshlarning faolligini oshirish, ularning tashabbus va intilishlarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi. Markazda yoshlar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, kasb-hunar o‘rganishi uchun barcha sharoit yaratilgan. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi tomonidan 129 million so‘mlikdan ziyod jihozlar taqdim etildi", – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Norin tumani kengashi raisi Baxtiyor Shomirzayev.

Markazda rus va ingliz tillarini o‘rgatadigan maxsus kurslar, kompyuter savodxonligi to‘garagi, yosh tadbirkorlar uchun maslahat markazi, yosh oila maslahatxonasi va kutubxona kabi o‘nga yaqin to‘garak va bo‘limlar yoshlar ixtiyorida. 150 o‘ringa mo‘ljallangan zal turli madaniy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkazish imkonini beradi.

Tuman madaniyat va aholi dam olish markazi qoshidagi badiiy jamoalar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi tadbirga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.

Tadbirda Namangan viloyati hokimi B.Yusupov so‘zga chiqdi.

Top