12:53 / 07.09.2015
2738

O‘zbekistonda aholining sog‘lom ovqatlanishini ta'minlashga qaratilgan 2015-2020 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar qabul qilindi

O‘zbekiston hukumatining qarori bilan aholining sog‘lom ovqatlanishini ta'minlashga qaratilgan 2015-2020 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar konsepsiyasi tasdiqlandi.

Ushbu konsepsiya quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga qaratiladi:
Noto‘g‘ri ovqatlanish bilan bog‘liq ravishda kelib chiqadigan kasalliklar profilaktikasi hamda ularning oldini olish, sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qilish bo‘yicha keng miqyosdagi tushuntirish ishlarini tashkil qilish;
Ta'lim-tarbiya va tibbiyot muassasalaridagi ovqatlanish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida soha qonunchiligini yanada takomillashtirish;
Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning faoliyatini rag‘batlantirish yo‘li bilan ular tomonidan aholining ehtiyojlarini to‘la qondiradigan sifatli oziq-ovqat mahsulotlarining ishlab chiqarilishini ta'minlash;

Diyetologiya va sog‘lom ovqatlanish borasida fundamental ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ular asosida sog‘lom ovqatlanishni tashkil qilish borasida tavsiyalar ishlab chiqish hamda turli kasalliklarning oldini olish tizimini takomillashtirish.
Eslatib o‘tamiz, sog‘liqni saqlash vazirligi 2014 yilda o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston voyaga yetgan aholisining 67.2 foizi Sog‘liqni saqlash tashkiloti belgilab bergan me'yordan past miqdorda meva va sabzavot iste'mol qiladi, 37 foizi tuzi me'yoridan ko‘p bo‘lgan ovqat tanovul qiladi, 16.4 foizi esa kam jismoniy harakat qiladi. Shuningdek, aholining 20.2 foizi ortiqcha vaznga ega, 33.9 foiz odamda yuqori arterial bosim bor.

Top