19:55 / 08.09.2015
2214

“Formula-1” poygasining “Fors Indiya” jamoasiga tegishli 100 ming yevrolik ruli o‘g‘irlab ketildi

Noma'lum talonchilar “Formula-1” avtopoygasida qatnashuvchi “Fors Indiya” jamoasi bolidiga tegishli 100 ming yevrolik rulni o‘g‘irlab ketdilar. Bu haqda Repubblica.it nashri ma'lum qildi.

Voqea dam olish kunlari Montsa shahridagi avtodromda o‘tgan Italiya Gran-prisida sodir bo‘ldi. Jinoyatchilar tungi payt jamoa tomonidan olingan garajga kirib, rulni o‘g‘irlab ketishgan. Rulning narxi 100 ming yevroni tashkil qiladi.

Jamoa vakillari politsiyaga murojaat qildilar, biroq rulni topish imkoniyati past baholanmoqda.

“Formula-1” bolidining zamonaviy poyga ruli 30 dan ko‘proq turli tugma va trumblerdan tashkil topgan bo‘lib, poygachi ular orqali uzatmalarni boshqarishi va harakatlanish paytida mashinaning ko‘p sonli ko‘rsatkichlarini sozlashi mumkin.
“Fors Indiya” jamoasi nomidan Italiya Gran-prisida ikki poygachi – meksikalik Serxio Peres va nemis Niko Xyulkenberg ishtirok etdi. Ular poygada mos ravishda 6- va 7-o‘rinni egalladilar. “Mersedes” jamoasining britaniyalik poygachisi Lyuis Xemilton poyga g‘olibi bo‘ldi.

Top