19:19 / 09.09.2015
3697

Gana sport vaziri terma jamoa futbolchilari ataylab yutqazmasligi uchun Ruandaga 200 ming AQSh dollari miqdorida naqd pul olib bordi

Gana sport vaziri Afrika millatlar kubogi saralash bosqichi doirasidagi Ruandaga qarshi uchrashuvga yonida 200 ming AQSh dollari miqdorida naqd pul bilan tashrif buyurgan. Bu haqda Joy Online nashri xabar tarqatdi.

Manbaning yozishicha, bunga «qora yulduzlar»ning Ruandaga qarshi uchrashuv oldidan mukofot puli berilmagani uchun norozi bo‘lgan holda o‘yinni barbod qilish mumkinligi xavfi sabab bo‘lgan.

Natijada mazkur mablag‘ har bir futbolchiga 10 ming dollar ko‘rinishida bo‘lib berilgan. Qayd qilinishicha, mazkur mukofot Mavrikiy ustidan qozonilgan g‘alaba uchun va'da qilingan mukofot pullari bo‘lgan. Terma jamoa Ruanda ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozongan, yagona gol Mubarak Vakaso hisobiga yozilgan.

Ta'kidlab o‘tish joiz, JCh-2014 paytida ham Gana terma jamoasi futbolchilari mukofot pullari berilmasa, ish tashlash e'lon qilishlarini bildirib tahdid qilishgandi.

Top