22:03 / 09.09.2015
13754

Vengriyalik telejurnalist qizchasini ko‘tarib chopayotgan muhojirni tepib yiqitgani shov-shuvlarga sabab bo‘ldi

8 sentabr kuni Vengriyadagi mahalliy telekanallardan birining xodimi mamlakatning Serbiya bilan chegarasidagi Rojke qishlog‘i yaqinida politsiyadan qochayotgan muhojirlardan birini tepib yiqitgani lavhasi jamoatchilikning noroziligini keltirib chiqarganidan so‘ng ishdan bo‘shatildi.

Internetga joylashtirilgan tasvirdan ko‘rinadiki, kamera ko‘targan telejurnalist kichik yoshli qizchasini ko‘tarib chopayotgan muhojirdan tashqari yana bir necha kishiga oyog‘i bilan zarba bergan.

Bu vaziyatda Yaqin Sharqdan kelgan muhojirlar ortga qaytarib yuborilishlaridan qo‘rqqan holda politsiyachilar qo‘liga tushmaslik uchun turli tomonga tarqalayotgan edi.

Uning bu harakati boshqa hamkasblari tomonidan keskin qoralab chiqilgan. Xususan, u ishlaydigan N1TV va Nemzeti TV telekanallari jurnalist o‘zini o‘ta nomunosib tutganini ta'kidlagan. Natijada, ismi sharifi Petru Laslo bo‘lgan bu jurnalist ishdan bo‘shatib yuborilgan.

Uning o‘zi bu harakatiga hech qanday izoh bermagan.

Ma'lum qilinishicha, N1TV telekanali Vengriyadagi millatchilik kayfiyatini ifodalovchi telekanallardan biri hisoblanadi. Bu telekanalda har haftada bir marta ultramillatchi "Yobbik" partiyasi rahbari Gabor Voni boshlovchiligidagi tok-shou efirga uzatiladi.

Top