08:51 / 10.09.2015
3695

“Ko‘k boshli” urg‘ochi ayiq YouTube yulduziga aylandi

Boshi yorqin ko‘k rangda bo‘lgan urg‘ochi ayiq aks etgan videoyozuv YouTube videoportalida ommalashib ketdi. Bu holatni fotosuratchi Aaron Smit Kanadaning Mishn shahri yaqinida tasvirga oldi va internetga joylashtirdi. Bu haqda The Huffington Post nashri xabar bermoqda.

Video bir hafta davomida 165 ming namoyish yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi.

Smitning aytishicha, u ayiqni o‘z bolalari bilan Silvermer ko‘li yonida sayr qilib yurganda payqab qolgan.
“U juda g‘alati ko‘rinishga ega edi. Ayiq boshini xuddi kerak bo‘lmagan joyga tiqib olgandek bo‘yin qismigacha ko‘k rangda edi”, deydi Smit.

Smit bu holat yuzasidan mahalliy Mission Animal Control hayvonlarni himoya qilish tashkilotiga xabar bergan.

Mutaxassislar ayiqning salomatligiga hech narsa xavf solmayotganini va bo‘yoq sekin-asta yo‘qolib ketishini aytishdi.
Fotosuratchi feysbukdagi sahifasida yozishicha, ona ayiqning bu suratlari ommalashib ketgani tufayli u ham “o‘zining 15 daqiqalik shon-shuhratini” his qildi. U anchadan beri qandaydir shov-shuvli surat olishni istaganini, biroq bu surat aynan shunday bo‘lishini xayoliga ham keltirmaganini aytdi.

Ayiqlar birinchi marta o‘z qiziquvchanliklari sababli ham kulgili, ham ayanchli holatlarga tushayotganlari yo‘q. Avgustda Kolorado-Springs shahrida ayiq bola o‘z qiziquvchanligi tufayli boshi sport ozuqasi bankasida tiqilib qolgan edi. Shu oyning o‘zida AQShning Sandpoynt shahrida yashovchi erkak o‘z uyida boshi mushuklar uchun eshikcha ichiga tiqilib qolgan holdagi ayiqni aniqlagan.

Top