15:39 / 10.09.2015
2334

Orolbo‘yi hududida 1 mln gektarlik o‘rmon va 10ta qo‘riqlanuvchi milliy bog‘ tashkil etiladi

O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining xabar qilishicha, 2030 yilga qadar Orol dengizining qurib qolgan tubida ekin maydonlarini himoya qilish maqsadida o‘rmonlar yaratish loyihasini amalga oshirish zarur. Shu maqsadda har yili Orol dengizi tubida 40-50 ming gektar hududga ko‘chatlar o‘tqazish rejalashtirilmoqda.

Xabarda keltirilishicha, ekin maydonlarini Orol tubidagi zararli moddalar va tuzlar ta'siridan himoyalash uchun 2030 yilga qadar 1 mln gektardan ziyod maydonda o‘rmon hosil qilish lozim.

Qo‘mita ma'lumotlariga ko‘ra, 2019 yilga qadar Orolbo‘yi hududida biologik xilma-xillikni saqlash maqsadida umumiy maydoni 3,7 million gektarni tashkil etuvchi 10ta yangi qo‘riqlanuvchi milliy bog‘ tashkil etiladi, shuningdek, baliq yetishtiriluvchi suv havzalari va ko‘llar maydoni ham kengaytiriladi. RIA “Novosti” tarqatgan ma'lumotga ko‘ra, mazkur tadbirlar qiymati 200 mln dollarni tashkil etadi.

Top