13:47 / 10.09.2015
2685

O‘zbekiston Sankt-Peterburgdagi o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionatida medallar soni bo‘yicha ikkinchi bo‘ldi

Kecha, 9 sentabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi “Peterburgskiy” sport-konsert kompleksida bo‘lib o‘tayotgan o‘smirlar o‘rtasidagi X jahon chempionatining chorak final bahslari o‘tkazildi.

Unda Xalimbek Utegenov (-48 kg) AQSh vakili Anjyel Martinesni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Bilolbek Mirzorahimov (-57 kg) belaruslik Artur Tuniyeuni 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Yana bir bokschimiz Timur Merjanov (-63 kg) ham Shotlandiya vakili Tayler Jolli ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi. Dilshodbek Ro‘zmetov (-66 kg) esa Turkiya sportchisi Bulutkan Soxinni 3:0 hisobiga mag‘lub qildi. Yahyoxon Saidxonov (-70 kg) latviyalik Aleks Aboltinzga uch raundda ham imkon qoldirmadi. Qosimxon Qosimov 75 kg gacha vaznda Avstriya vakili Filip Kovaksni qiyin kechgan bahsda 2:1 hisobiga mag‘lubiyatga uchratdi. Yana bir keskin olishuvda Prosfor Rorimsha +80 kg vanz toifasidagi Gruziya sportchisi Artem Yardanyan ustidan g‘olib bo‘lishga erishdi. Ularning barchasi yarim finalga chiqib, bahslarni davom ettirish imkoniga ega bo‘lishdi.

Afsuski, 52 kg gacha vazn toifasida Murodjon Aliyev qozog‘istonlik Samatali Toltayevga 3 raundda ham imkoniyatni boy berib, musobaqalardagi ishtirokini yakunladi.

O‘zbekiston Boks federatsiyasi matbuot xizmatining xabar berishicha, bugun, 10 sentabr kuni jahon chempionatida dam olish kuni. Ertaga, 11 sentabr kuni yarim final bahslari bo‘lib o‘tadi. Shunday qilib, o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatining 52 medali 20ta davlatga quyidagicha taqsimlanadi:

Rossiya — 8 medal;

O‘zbekiston — 7;

AQSh — 6;

Qozog‘iston — 5;

Kuba, Irlandiya, Turkiya 3tadan;

Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Ruminiya, Ukraina 2tadan;

AIBA Team, Angliya, Germaniya, Vengriya, Italiya, Polsha, Tojikiston, Tailand, Uels esa bittadan medalga ega chiqadi.

Top