12:06 / 11.09.2015
2782

“VKontakte” ijtimoiy tarmog‘ida foydalanuvchilar o‘z xususiy internet-do‘koniga ega bo‘ldi

“VKontakte” ijtimoiy tarmog‘ida juma, 11 sentabr kuni foydalanuvchilar uchun xususiy internet-do‘koni tashkil etishiga imkon beruvchi “Kontaktda mahsulotlar” bo‘limi paydo bo‘ldi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqning rasmiy vakili Georgiya Lobushkina “Vedomosti”ga ma'lum qildi.

Yangi bo‘limda, Lobushkinaning so‘zlariga ko‘ra, qidiruv xizmati mavjud bo‘lgan mahsulotlarning umumiy katalogi namoyon bo‘ladi. Foydalanuvchilar tarmoqdagi guruhlarga taqdim etilgan mahsulotlarni sotib olishlari mumkin. Buning uchun mahsulot joylashtirilgan guruh ma'muri bilan bog‘lanib, to‘lov va yetkazib berilishi haqida kelishib oladi.

Dastlab, bo‘lim tarmoqdagi bir qator jamiyatlar va guruhlar uchun sinov tartibida faoliyat ko‘rsatadi, keyinroq esa barcha jamiyatlar uchun ochiq bo‘ladi. Hozircha mahsulotlarni joylashtirish bepul. “Pulli joylashtirishlar haqida keyinroq, biz do‘konlarga yanada foydaliroq takliflarni taqdim etganimizdan so‘ng gapirishimiz mumkin”, – dedi Lobushkina.

“VKontakte” — Rossiyaning yirik ijtimoiy tarmoqlaridan biri bo‘lib, uning foydalanuvchilari soni 300 million nafardan ortadi. Har kuni tarmoqqa 80 milliondan ziyod kishi kirib, sahifalarda 20 milliondan oshiq izohlar qoldiradi.

Top