06:49 / 11.09.2015
3504

Ashxobodda O‘zbekiston mustaqilligining 24 yilligi nishonlandi

Turkmaniston poytaxti Ashxobodda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 24 yilligini nishonlash munosabati bilan rasmiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirga Turkmaniston siyosiy va ishbilarmon doiralarining vakillari, ijodkorlar, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari, mahalliy va xorijiy OAVlar vakillari taklif etildilar.

Mehmonlar O‘zbekistonda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan katta miqyosdagi islohotlar, jamoatchilik va davlat qurilishida, bozor iqtisodiyotining rivojlanishi va ijtimoiy sohalarda erishilgan yutuqlar bilan tanishdilar.

Yig‘ilganlar oldida Turkmaniston savdo vaziri B.Abayev nutq so‘zladi. Abayev Turkmaniston prezidenti nomidan o‘zbek xalqini davlat bayrami bilan tabrikladi, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi islohotlarni amalga oshirishda muvaffaqiyatlar tilab qoldi.

Abayev o‘zbek-turkman hamkorligining rivojlanishi haqida gapirib, ikki xalq madaniyati, tili va an'analarining tarixiy chambarchasligi, ikki tomonlama munosabatlarning ijobiy dinamikasi, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlikning yanada mustahkamlanayotganini ta'kidlab o‘tdi. Abayevning aytishicha, O‘zbekiston mintaqada Turkmaniston uchun asosiy iqtisodiy hamkor hisoblanadi.

Qabul davomida O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshayotgan o‘zgarishlarni namoyish qiluvchi fotoko‘rgazma tashkil etildi. Mehmonlarda o‘zbek amaliy san'ati buyumlari katta qiziqish uyg‘otdi.

Top