08:33 / 11.09.2015
3468

Ixtiyor Navro‘zov amaldagi jahon chempioni Saslan Ramanovni yengib Las-Vegasdagi turnir finaliga chiqdi

AQShning Las-Vegas shahrida Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tadigan 2016 yilgi Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi erkin, yunon-rum va xotin-qizlar kurashi bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati davom etmoqda.

10 sentabr kuni O‘zbekiston terma jamoasi a'zosi Ixtiyor Navro‘zov yarim finalda erkin kurash bo‘yicha amaldagi jahon chempioni, rossiyalik Saslan Ramanovni yengib turnir finaliga yo‘l oldi.

65 kg vazn toifasidagi sportchilarning bellashuvi 30 soniyadayoq Navro‘zovning raqibini taslim etishi bilan yakunlangan.

Endi finalda Ixtiyor Navro‘zov italiyalik Frank Chamizoga qarshi gilamga chiqadi. Chamizo yarim finalda 2014 yilgi JCh finalchisi, eronlik Sayyod Muhammadni yenggan.

Shu tariqa, ushbu ikki kurashchi ham o‘z faoliyatida ilk bor JCh finaliga chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasining ushbu turnirdagi ilk medalini yunon-rum kurashi bo‘yicha musobaqada ishtirok etgan Rustam Assakalov (kumush) olib bergandi.

Top