14:24 / 11.09.2015
2746

O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida diplomatik pasport egalarining o‘zaro vizasiz safarlari to‘g‘risidagi bitim imzolandi

2015 yilning 10 sentabr kuni Varshava shahrida O‘zbekiston va Polsha tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning 6-raundi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar bergan.

Polsha delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Konrad Pavlik boshchilik qilgan.

Uchrashuvda davlatlararo sermahsul hamkorlik hozirgi kunda siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda qariyb 50ta ikki tomonlama hujjatlarni o‘z ichiga olgan mustahkam shartnoma-huquqiy asosga hamda hamkorlikning mavjud qo‘shma mexanizmlariga asoslanganligi ta'kidlandi.

Muzokaralar davomida turli sohalarda o‘zaro manfaatli aloqalarni, jumladan O‘zbekiston va Polsha ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni, biznes-delegatsiyalarning o‘zaro tashriflarini hamda ikki davlat investititsiya salohiyatlariga bag‘ishlangan forum va taqdimotlar o‘tkazishni yanada qo‘llab-quvvatlashga ikkit tomon ham tayyor ekanligi bildirildi.

Maslahatlashuvlar davomida O‘zbekiston-Polsha kun tartibining boshqa masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunlari ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Polsha Respublikasi hukumati o‘rtasida diplomatik pasport egalarining o‘zaro vizasiz safarlari to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi o‘tkazildi.

Top