22:32 / 12.09.2015
3352

"Atletiko" va "Barselona" o‘yini arafasida futbolchilar muhojirlarni qo‘llab-quvvatlash aksiyasini uyushtirishadi

12 sentabr oqshomida La liganing 3-turi doirasida o‘tkaziladigan "Atletiko" va "Barselona" o‘yinidan avval ikki jamoa futbolchilari ham bir xil libos kiyishadi va unda suriyalik, iroqlik hamda pokistonlik muhojirlarni qo‘llab-quvvatlovchi yozuvlar bo‘ladi.

Ma'lum qilinishicha, tadbir uchun madridliklar tomonidan tayyorlangan liboslarda "Qochqinlarga yordam bering" yozuvi tushiriladi.

Bundan tashqari, "Barselona" jamoasi himoyachisi Mark Bartra o‘z imzosi tushirilgan futbolkasini auksionga qo‘yib, savdodan tushgan mablag‘larni Yaqin Sharqdagi urushlar tufayli aziyat chekkanlarga yordam sifatida xayriya qiladi.

Shveytsariya futbol ittifoqi esa 11 sentabrdan boshlab yangi loyihaga qo‘l urgan, unga ko‘ra ichki chempionatda navbatdagi turlarda urilgan har bir goldan keyin maxsus tashkil etilgan jamg‘armaga 456 yevrodan mablag‘ qo‘shilishi nazarda tutilgan. Bu jamg‘arma orqali to‘plangan mablag‘lar ham muhojirlar uchun xayriya qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 8 sentabr kuni UYeFA o‘z tasarrufidagi musobaqalar ishtirokchilarini muhojirlarga yordam berishga chaqirdi.

Top