08:51 / 12.09.2015
2881

WTI toifasidagi neft narxi 44,78 dollargacha ko‘tarildi

WTI toifasidagi neft narxi 11 sentabr kuni Nyu-York birjasidagi savdolar yopilishi oldidan 0,34 foizga ko‘tarilib, 44,78 dollarni tashkil qildi.

Bozor ishtirokchilari kayfiyatiga 11 sentabrda neft sanoatiga xizmat ko‘rsatuvchi Baker Hughes kompaniyasining chop etgan ma'lumotlari ta'sir qildi. Ularga ko‘ra AQShda foydalanishda bo‘lgan neft vishkalari o‘tgan hafta ichida 10 taga kamayib, 652 tani tashkil qildi. Vaholanki, o‘tgan yilning oktabrida neft burg‘ilash vishkalari soni 1609 tani tashkil qilgan edi.

Shu bilan birga Goldman Sachs banki ekspertlarining tahliliy hisobotida jahon bozorida neft taklifining talabga nisbatan ko‘p bo‘lishi butun 2016 yil davomida saqlanib qolishi qayd etildi. “Neft narxlari past darajada avval kutilgandan ko‘proq davom etadi”, deb ta'kidlamoqdalar ekspertlar.

Ularning prognozlariga ko‘ra, WTI nefti 2016 yilda 45 dollarni tashkil qiladi. Avvalgi prognozlarda bu ko‘rsatkich 57 dollarni tashkil qilishi taxmin qilingan edi. Shuningdek, Brent nefti narxining prognozi ham 62 dollardan 49,50 dollargacha pasaytirildi.

Top