15:27 / 13.09.2015
6110

Quddusdagi Al-Aksa masjidida musulmonlar va Isroil politsiyasi o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi

Bugun, 13 sentabr kuni Quddus shahridagi Al-Aksa masjidida falastinliklar va Isroil politsiyasi o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi.

Jerusalem Post gazetasida yozilishicha, tartibsizlik ishtirokchilari masjid ichida barrikada hosil qilishgan va politsiyachilarga tosh hamda petardalar uloqtirishgan.

Voqea joyiga maxsus bo‘linmalar jo‘natilgan. Ibodatxona joylashgan hududga o‘tish yo‘li vaqtincha yopib qo‘yilgan.

Bir qancha vaqt o‘tib, Isroil jamoat xavfsizligi vazirligining jurnalistlarga ma'lum qilishicha, tartibsizliklar bartaraf etilib, masjid faoliyati qaytadan yo‘lga qo‘yilgan.

Qayd qilinishicha, ushbu tartibsizlik isroilliklar uchun yangi yil bayrami kuni boshlanishi arafasida bir necha soat davomida bo‘lib o‘tdi.

Frans Press agentligi ma'lumotiga ko‘ra, bu tartibsizlikni bartaraf etish jarayonida hibsga olinganlar bor.

Bir necha kun oldin Isroil Mudofaa vaziri Moshe Yaalon musulmonlarning ikkita guruhini taqiqlash haqida qaror chiqargandi. Bu guruhlar yahudiylarning masjidga kirishiga to‘sqinlik qilgandi.

Top