22:40 / 13.09.2015
6772

Xitoylik gid sayohatchilarni o‘g‘rilardan himoya qilishga urinib, o‘zining 25 ming yevro puli va Rolex soatidan ayrilib qoldi

Fransiyaning poytaxti Parijdan 20 km uzoqlikda joylashgan Karer-syur-Sen shaharchasida o‘g‘rilar xitoylik ayol sayohatchilar avtobusdan tushayotgan paytlarida ularning sumkalarini olib qo‘ymoqchi bo‘lishdi. Bo‘layotgan voqeaga ekskursiyachi aralashishga qaror qildi. Shundan keyin o‘g‘rilar o‘z e'tiborlarini ayollardan unga qaratishdi hamda uni talashga tushib ketishdi. Oqibatda 32 yoshli gid o‘zining 20 ming yevro, 5 ming shveysar franki (4,5 ming yevro) puli va endigina sotib olgan Rolex soatidan (narxi 5 ming yevro) ayrilib qoldi. O‘g‘rilar pul va soatni olgach, avtomobilda voqea joyidan g‘oyib bo‘lishdi, deb xabar bermoqda The Local nashri.

Ayni paytda ushbu voqea yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, politsiyachilar bu jinoyat bilan Versal tumanida tez-tez ro‘y berayotgan jinoyatlar o‘rtasida aloqa borligini o‘rnatishga harakat qilmoqdalar.

Nashrning ta'kidlashicha, oxirgi vaqtlarda Fransiyaga kelayotgan xitoylik ayol sayyohlarning soni ancha oshgan. Xitoylik sayohatchilar o‘z oldilarida katta pul olib yurishlari ko‘pincha ularning o‘g‘rilar nishoniga aylanishlariga sabab bo‘lmoqda. Pekin xitoylik sayohatchilarni tunash holatlari ko‘payib ketganidan xavotir bildirganidan keyin Fransiya hukumati Xitoydan kelgan sayyohlik guruhlarini qo‘riqlash bo‘yicha choralarni kuchaytirgan.

Top