17:43 / 14.09.2015
2891

Devis Kubogi: O‘zbekistonlik tennischilar AQSh terma jamoasiga qarshi o‘ynaydi

Joriy yilning 18-20 sentabr kunlari Toshkentdagi Respublika olimpiya zaxiralari kollejining tennis kortida tennis bo‘yicha Devis Kubogi doirasidagi O‘zbekiston va AQSh terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston tennis federatsiyasi matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Bu O‘zbekiston terma jamoasi uchun jamoaviy bahslardagi jahon chempionatining oliy ligasiga chiqish uchun sakkizinchi urinish bo‘ladi. Bunga qadar o‘zbekistonlik tennischilar yuqori ligaga yo‘llanma olish uchun ikki marta avstraliyaliklar bilan (1998, 2014), shuningdek bir martadan Chexiya (1999), Niderlandiya (2000), Serbiya (2009), Ispaniya (2001) va Qozog‘iston (2012) terma jamoalariga qarshi kurash olib borishgan.

Jamoa sardori Pyotr Lebed boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi tarkibi Denis Istomin, Farrux Do‘stov hamda 20 yoshli Temur Ismoilov va 21 yoshli Sanjar Fayziyevdan iborat.

AQSh terma jamoasi mazkur bosqichga yetib kelguniga qadar Buyuk Britaniya tennischilaridan ustun kelishgandi. Jamoa sardori Jim Kure jamoa tarkibida ba'zi o‘zgarishlarni amalga oshirgan. Jon Izner o‘rniga birinchi raketka sifatida Jek Sok qatnashadi. ATR reytingida 24 o‘rinda borayotgan sportchi juftlik bahslarida ham kortga chiqadi. Shuningdek tarkibda Stiv Jonson (47-o‘rin) ham debyut qiladi. Tarkibdagi o‘rnini Sem Kuerri (38) va Donald Yang (68) saqlab qolgan. Eng kutilmagan holat esa juftlik bahslarida dunyo reytingini boshqarib turgan aka-uka Braynlar Toshkentdagi bosqichda ishtirok etishmaydi.

Top