11:29 / 14.09.2015
20815

O‘zbekistonliklar tuxum mahsulotlari narxlari oshganiga izoh so‘rashmoqda

O‘zbekiston aholisi do‘konlar va bozorlarda tuxum mahsulotlari narxi birdaniga oshib ketgani sababini bila olishmayapti. Oxirgi 2 oy ichida bu mahsulot narxi 400 so‘mdan 600 so‘mgacha ko‘tarilgan. 

Eslatib o‘tamiz, shu yilning iyul oyida O‘zbekiston Davlat raqobat qo‘mitasi tuxum va shakar narxini nazorat qilayotgani haqida ma'lum qilgan, idoraning reklama faoliyatini nazorat qilish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Azimov tuxumni aholiga realizatsiya qilish narxi 270-300 so‘m deb belgilangani haqida aytgandi.

"Agar parrandachilik fabrikasi ishlab chiqarish hajmlarini buzsa va narxlarni oshirib yuborsa, qo‘mita uni tuxum yetkazuvchi korxonalar ro‘yxatidan chiqarib tashlashi mumkin", degandi u.

Qayd etish kerakki, so‘nggi 5 yilda parrandachilik sohasi jadal rivojlandi. 2010 yilda O‘zbekistonda 3 milliard dona tuxum yetishtirilgan bo‘lsa, 2014 yilda bu ko‘rsatkich qariyb 5 milliard donaga yetdi. Bugun soha korxonalari tomonidan bir yilda aholi jon boshiga o‘rtacha 157 dona tuxum va 3 kilogramm tovuq go‘shti yetkazib berilmoqda.

Top