21:00 / 14.09.2015
3423

Qayta tashkil etilgan Borgward kompaniyasi o‘zining ilk modelini taqdim etdi

Germaniyaning  qayta tashkil etilgan Borgward kompaniyasi o‘zining ilk modelini namoyish etdi. Bu — ommaviy debyuti Frankfurt avtosalonida bo‘lib o‘tadigan o‘rta hajmli BX7 krossoveri bo‘lib chiqdi. Bu haqda Carzone.uz xabar bergan.

Har qanday yo‘l sharoitida harakatlana oladigan mazkur model 224 ot kuchiga ega hajmi ikki litr bo‘lgan turbomotor, uzatmasi ikkita bo‘lgan yetti bosqichli «robot»-quti bilan ta'minlangan. Bundan tashqari, krossoverga orqa o‘qni ko‘p diskli Borg Warner muftasi orqali ulaydigan to‘liq yurg‘izgichli tizim o‘rnatilgan.

Shuningdek, modelning gidrid dvigatelli varianti ham taklif qilinadi. Uning tarkibidan old o‘qda hajmi ikki litr bo‘lgan to‘rt silindrli dvigatel va orqa o‘qda elektromotor bo‘ladi. Dvigatellarning birgalikdagi quvvati 401 ot kuchiga teng. Krossover faqat elektromotorning o‘zida 55 kilometr masofani bosib o‘ta oladi.

Yetti o‘rinli avtomobilning uzunligi 4,70 metrga teng. Bagaj bo‘lmasining hajmi, ikki orqa o‘rindiq yig‘ib qo‘yilganida, 1433 litrni tashkil etadi.

Avtomobil qurilmalari qatorida aylana bo‘ylab atrofni kuzatish tizimi, moslashuvchan kruiz-kontrol, piyodalarni tanish xossasiga ega favqulodda to‘xtash tizimi, 12,3 dyuymli sensor displeyi bor multimedia majmuasi hamda Wi-Fi tarqatish nuqtasi bor.

Bogward BX7 2016 yildan boshlab Xitoyda seriyalab ishlab chiqariladi. Dastlab mazkur avtomobil faqat Xitoyda sotiladi, keyinchalik kompaniya boshqa bozorlarga chiqishni ham rejalashtirmoqda. Germaniyada ushbu mashina narxi 26 ming yevrodan boshlanishi kutilmoqda.

Top