12:05 / 14.09.2015
7253

Samarqand viloyatida 45ta yashirin sex faoliyatiga chek qo‘yildi

2015 yilning sakkiz oyi davomida Samarqand viloyatida 610 marotaba qisqa muddatli va nazorat tekshiruvlari o‘tkazilib, savdo nuqtalarida bir qator qonun buzilishlari aniqlandi, deyiladi viloyat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i D.Sultonovning “Samarkandskiy vestnik” gazetasida chop etilgan maqolasida.

O‘tkazilgan tekshiruvlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, 288 holatda kassa uskunasidan 293 mln so‘mlik kvitansiyalar taqdim etilmasdan xizmat ko‘rsatilgan, 52 holatda esa 305 mln so‘mdan ziyod naqt pul o‘z vaqtida banklarga taqdim etilmagan. 139 tekshiruvda umumiy qiymati 408,4 mln so‘mlik savdolar tegishli hujjat va sifat sertifikatlarisiz amalga oshirilgani ma'lum bo‘ldi.

Shuningdek, viloyatda 106 marotaba qisqa muddatli tekshiruvlar o‘tkazilib, savdo nuqtalari va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida terminal orqali naqt pulsiz hisob-kitobning olib borilishi o‘rganilgan. Natijada 89 holatda hisob terminallarining yo‘qligi, 13 holatda esa terminal orqali sotiluvchi mahsulotlar narxining oshirib ko‘rsatilishi aniqlandi.

Davlat soliq boshqarmasi va bo‘linmalari tomonidan 66 holatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 24 yanvardagi “Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida hisob-kitoblar mexanizmini yanada tartibga solish to‘g‘risida”gi PQ-1910-sonli qaroriga amal qilinmaganlik aniqlandi.

Aniqlangan qonunbuzilishlar bo‘yicha belgilangan moliyaviy jarimalar miqdori 1740,9 mln so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, 228 nafar amaldor shaxslarga nisbatan ma'muriy jazo turi qo‘llanilib, 75 mln so‘mlik jarimaga tortildi. Mahalliy hokimiyat organlariga 50 tadbirkorlik sub'yektiga nisbatan yozma murojaatlar taqdim etildi. Huquqni muhofaza qilish organlariga esa 32 tekshiruv hujjatlari yo‘naltirilib, ularning 19tasiga nisbatan tergov ishi ochildi.
Shuningdek, davlat standartlariga mos kelmaydigan mahsulotlar ishlab chiqarayotgan 45ta yashirin sex faoliyatiga chek qo‘yildi. Ularning uchtasi o‘simlik yog‘i ishlab chiqaruvchi sex bo‘lsa, 18tasi oziq-ovqat mahsulotlari, 24tasi nooziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan.

Top