10:52 / 14.09.2015
3918

Yaponiya aviakompaniyasi “Yulduzlar jangi” mavzusidagi samolyotni namoyish qildi

12 sentabrda Vashingtondagi Boeing Everett zavodida Yaponiyaning All Nippon Airways aviakompaniyasi o‘zining yangi Boeing-787 “Dreamliner” samolyotini namoyish qildi. Uning bo‘yalishi “R2-D2 ANA JET” nomini oldi.

Ushbu samolyot All Nippon Airways va Disney o‘rtasida “Star Wars” (“Yulduzlar jangi”) brendini ommalashtirish bo‘yicha tuzilgan 5 yillik shartnomaning natijasi bo‘ldi.

Namoyish qilingan Boeing-787 “Dreamliner” samolyoti “Yulduzlar jangi” uslubida bo‘yalgan ilk samolyot bo‘ldi. Aviakompaniya shunday samolyotdan yana ikkitasini chiqaradi.

Samolyot “Yulduzlar jangi” uslubida bo‘yalganidan tashqari, shartnomada samolyotdagi idishlar va intererning ba'zi jihozlari ham “Yulduzlar jangi” uslubida ishlanishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, bortdagi ko‘ngilochar tizimda ham ushbu filmning 6ta qismi namoyish qilinadi.

Keyingi Boeing 777-300 samolyoti “Yulduzlar jangi”dagi yangi droid sharafiga “BB-8 ANA JET” nomini oladi. Uchinchi Boeing 767-300 “Star Wars” nomini oladi.

Kompaniya bayonotida aytilishicha, “Yulduzlar jangi” uslubida ishlangan ilk “R2-D2 ANA JET” samolyoti 18 oktabrda Tokiodan Vankuverga ilk parvozini amalga oshiradi. Bu samolyot, shuningdek, AQSh, Yevropa, Indoneziya, Xitoy va Avstraliya yo‘nalishlarida ham faoliyat yuritadi. “BB-8 ANA JET” esa 2016 yilning mart oyidan Yaponiyadan AQShga parvozlar amalga oshira boshlaydi.

Samolyot taqdimoti Jon Uilyamsning film uchun yozilgan “Star Wars Main Theme” musiqa sadolari ostida bo‘lib o‘tdi.

Top