10:19 / 14.09.2015
5078

Yurtdoshlarimiz tinchlik-xotirjamlikda haj amallariga hozirlik ko‘rmoqdalar

Avval xabar qilinganidek, haj ziyoratchilarimizning Madinai munavvara va Makkai mukarramadagi safarlari muvaffaqiyatli davom etmoqda. Bugungi kunda Saudiya Arabistoniga yetib kelgan 4760 nafar yurtdoshlarimiz musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan makonlarda bo‘lib, hayajonli taassurotlarga to‘lib-toshmoqdalar.

Jumladan, Makka shahrida ziyoratchilarimiz “Abroj al-Muhammadiya” mehmonxonasiga joylashganlar. Bu yerda ular uchun qulay shart-sharoitlar muhayyo qilingan. Xonalar konditsioner, muzlatgich, televizor bilan jihozlangan. Alohida yuvinish xonalari mavjud.
Mehmonxonada erkaklar va ayollar uchun birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, profilaktik muolaja o‘tkazish uchun zarur vositalar bilan to‘la jihozlangan tibbiyot markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ziyoratchilarimiz uchun barcha dori-darmonlar O‘zbekistondan olib kelingan.

Ziyoratchilarimizga ertalabki nonushtada asal, pishloq, tuxum, sariyog‘, sut, shirinliklar, tushki va kechgi ovqatlanishda esa issiq taom, qatiq, meva va tabiiy sharbatlar berilmoqda. Oshpazlarimiz tomonidan tayyorlanayotgan milliy taomlar yurtdoshlarimizga bag‘oyat manzur bo‘lmoqda.
Bugungi kunda muqaddas haj amallarini bajarish uchun Saudiya Arabistoniga kelgan horijiy ziyoratchilarning soni to‘qqiz yuz mingdan oshib ketdi. Ular orasida ziyoratchilarimizning adashib qolmasliklari uchun ko‘krak nishonlari, maxsus tikilgan nimcha va safar xaltalari juda qo‘l kelmoqda. Ular yurtdoshlarimizning butun musulmon ummatiga mashhur bo‘lgan Imom Buxoriy, Abu Muso Moturidiy, Bahouddin Naqshband, Hakim at-Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi buyuk olimu ulamolar, fozilu-fuzalolarning avlodlari, bugungi kunda jahon hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini egallab turgan buyuk Vatanimizning fuqarolari ekanini ta'kidlab turibdi.

Madina shahridan Makkai mukarramaga yetib kelgan ziyoratchilarimiz ovqatlanib va hordiq chiqargan holda guruh boshliqlari yetakchiligida avtobuslarda Ka'bai muazzamaga borib, Baytullohni tavof, Safo va Marva orasida sa'y qilmoqdalar. Ular bunday ulug‘ sharafga muyassar bo‘lganlari uchun shukrona qilib, Allohga hamd aytmoqdalar. Oilalari, mahalladoshlari, butun O‘zbekiston ahlining farovonligi, yurt ravnaqini so‘rab, osmonimiz doimo musaffo, zaminimiz yam-yashil bo‘lishini tilab duolar qilmoqdalar.
Ishchi guruhi rahbariyati tomonidan har kuni ziyoratchilarimiz bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, yaqin kunlarda amalga oshiriladigan haj amallarini shar'iy jihatdan to‘laqonli, bekamu-ko‘st va uyushqoqlik bilan amalga oshirish, hojilarimiz o‘z salomatliklarini avaylab-asrashlari, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan murakkab sharoitlarda o‘z xavfsizliklarini ta'minlashlari yuzasidan zarur tushuncha va tavsiyalar berib borilmoqda.

Yurtdoshlarimiz bu kabi uchrashuvlarda yaratilgan sharoitlardan minnatdor ekanliklarini izhor etib, ko‘tarinki kayfiyat bilan ibodatda bardavom bo‘lmoqdalar.

Manba: www.religions.uz

Top