07:13 / 15.09.2015
4331

Jizzax akkumulyator zavodi shu vaqtgacha O‘zbekiston hududida ishlab chiqarilmagan mahsulotlarni tayyorlashga kirishmoqda

«Jizzax akkumulyator zavodi» 2015 yilda akkumulyator batareyalarini ishlab chiqarish hajmini 558 mingtaga, 2016 yilda esa taxminan 600 mingtaga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «O‘zavtosanoat» matbuot xizmati xabar bergan.

Hozirgi vaqtda GM Uzbekistan, SamAvto, JV Man Auto – Uzbekistan korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan avtomobillar «Jizzax akkumulyator zavodi»ning akkumulyator batareyalari bilan jihozlanmoqda. «UK GRUPPA GAZ» va «AvtoVAZ» konveyerlariga akkumulyator batareyalarini yetkazib berish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, korxona tomonidan, barmoqchali quvvat elementlari, statsionar akkumulyator batareyalari, uzluksiz quvvat manbaalari kabi ilgari O‘zbekiston hududida ishlab chiqarilmagan, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil qilish bo‘yicha bir qator istiqbolli investitsion loyihalarni ishlab chiqish amalga oshirilmoqda.

Ushbu loyihalarni amalga oshirish O‘zbekistonning iste'mol bozorini sifatli, import o‘rnini bosadigan mahsulotlar bilan ta'minlashga, korxonaning eksport qilish imkoniyatini oshirishga, yangi ish o‘rinlarini yaratishga hamda ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish uchun xizmat qiladi.

Xozirgi vaqtda, kompaniya tomonidan «Jizzax akkumulyator zavodi»ning ishchi-xodimlari bilan hamkorlikda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni diversifikatsiya qilish va kompaniyani yanada rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor strategik xorijiy hamkor qidirish ishlari aktiv tarzda amalga oshirilmoqda.

Ma'lumot uchun, korxonaning quvvati 800 mingta akkumulyator batareyalarini ishlab chiqarish va 8 ming tonna qo‘rg‘oshin quymasini qayta ishlashga mo‘ljallangan. Korxona hozirgi vaqtda avtomobillar va qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun 30 xildan ortiq turdagi akkumulyator batareyalarini ishlab chiqarmoqda.

Top