18:02 / 15.09.2015
8137

Kreml AQShning xalqaro izolyatsiya haqidagi so‘zlariga javob berdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiyaning xalqaro izolyatsiya tushib qolmaganini, yakkalanib qolmaganini ta'kidladi.

Ilgariroq Vashington vakillari Rossiya Suriyada Bashar Asad rejimiga yordam ko‘rsatishda davom etaversa, xalqaro miqyosda yakkalanib qolishini ta'kidlagan edi.

“Rossiyaning yakkalanib qolishiga keladigan bo‘lsak, afsuski, bunday so‘zlarni oxirgi yil davomida ko‘p eshitmoqdamiz. Bu so‘zlarning narxi o‘ta nisbiydir. Rossiya jahon hamjamiyatining o‘ta muhim, faol a'zosi bo‘lib qolmoqda”, - Peskovning so‘zlarini keltiradi TASS agentligi.

Uning ta'kidlashicha, Rossiyaning Asad hukumatiga berayotgan yordami IShIDga qarshi kurashayotgan koalitsiyaga a'zo davlatlarning manfaatlariga zid kelmaydi: “Moskva prezident Bashar Asadni mintaqadagi eng real kuch sifatida qo‘llab-quvvatlamoqda, AQSh boshchiligidagi koalitsiya esa ixtilofni qanday bartaraf qilmoqchi ekanligini aniq-tiniq tushuntirishga intilmayapti”.

Top