10:21 / 15.09.2015
7944

Marg‘ilonda “Atlas bayrami” festivali katta muvaffaqiyat bilan o‘tdi

Joriy yilning 10-12 sentabr kunlari Marg‘ilon shahrida Marg‘ilon shahar hokimligi, YuNeSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasi YuNeSKO ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Respublika Xalq ustalari, musavvirlari va hunarmandlari "Hunarmand" uyushmasi, Germaniya Respublikasining O‘zbekistondagi "DVV" tashkiloti xamkorligida “Atlas bayrami” festivali o‘tkazildi.

Festival 11 sentabr kuni “Milliy hunarmandchilik markazi”da tantanali ravishda ochildi. Marosimda YuNeSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Krista Pikkat, Germaniya Xalq universitetlari uyushmasining xalqaro hamkorlik bo‘yicha instituti (DVV)ning O‘zbekistondagi tashkiloti rahbari, Respublika Xalq ustalari, musavvirlari va hunarmandlari "Hunarmand" uyushmasi raisi Muxammadyusuf Qurbonov, Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Sadriddin Qo‘chqorov qatnashdi.

Festival doirasida “Sifat belgisi” ko‘rgazmasining ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Dizaynerlar Marhamat Umarova, usta-hunarmandlar – kashtachi Madina Qasimbayeva, chitgar Rahimjon Mirzaahmedov, tabiiy bo‘yoqlar bo‘yicha mutaxassis Rasuljon Mirzaahmedovning “Mahorat darslari”, san'atshunoslar Natasha Musina, akademik Akbar Hakimov, Shahlo Abdullayeva, Binafsha Nodirning “Bugungi hunarmandchilik: yutuqlar va kamchiliklar” mavzusidagi ma'ruzalari, kasb-hunar kollejlari ishlab chiqarish ustalari va o‘quvchilariga Koreya Respublikasidan tashrif buyurgan mutaxassislarning “Mahorat darslari” o‘tkazildi.

Festival doirasida Marg‘ilon markaziy istirohat bog‘ida respublikamizdan tashrif buyurgan 100dan ortiq hunarmandlarning ko‘rgazmalari, Respublika “Oshpazlar” uyushmasining tashabbussi bilan o‘tkazilgan oshpazlar tanlovi Marg‘ilonga tashrif buyurgan xorijiy mehmonlarni lol qoldirdi. Ayniqsa 11-12 sentabr kunlari O‘zbekiston va Bangladesh dizaynerlarining “Liboslar namoyishi” barchada katta taassurot uyg‘otdi.

Festival 12 sentabr kuni tantanali ravishda yakunlandi va bu festivalni har ikki yilda Marg‘ilon shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.

Top