16:28 / 15.09.2015
3041

Porsche to‘rt o‘rinli elektrosuperkar yaratdi

Porsche kompaniyasi to‘rt o‘rinli elektrosuperkar prototipini keng ommaga namoyish etdi. Aytilishicha, u bir marta quvvatlantirilganda 500 km masofa bosishi mumkin. Mission E nomini olgan kontsept o‘ziga xos “Premeralar tuni”da – Volkswagen kompaniyasi Frankfurt motorshousi boshlanishidan oldin uyushtirilgan maxsus tadbirda namoyish etildi.

Kontsept ikkita elektromotorga ega bo‘lib, ularning umumiy quvvati 600 ot kuchidan oshadi. Mashina dastlabki 3.5 sekundda 100 km/soat tezlikka erishadi. 200 km/soatlik bosqichga u 12 sekundda chiqadi. Bundan tashqari, to‘rt o‘rinli Mission E Nyurburgrinning “Shimoliy tasmasi”ni 8 daqiqada bosib o‘tishi mumkinligi aytilmoqda.
Prototip uchun 800 voltli batareyalarni quvvatlantirish tizimi ishlab chiqildi.

U avtomobilning litiy-ionli batareyalarini 15 daqiqada 80 foizga to‘ldirish imkonini beradi. Bu esa 400 km masofani bosib o‘tish uchun yetarlidir. Porsche Mission E’ni oddiy rozetkadan quvvatlantirish imkoni ham bo‘ladi.
Yangi model kuzovi alyuminiy, po‘lat va karbon bilan kuchaytirilgan polimerlardan yasalgan bo‘lib, g‘ildirak disklari ko‘mir-plastikdan yasalgan.

Mashina egasi salondagi barcha tizimlarni maxsus ilova orqali uzoqdan sozlashi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, elektron kalitning virtual kopiyasini oila a'zolaridan yoki yaqinlaridan biriga berish imkoniyati bo‘ladi. Kalit eshikni ochish, motorni ishga tushirish, ma'lum vaqt davomida ishlash uchun kerak bo‘ladi.
Mashina qachon konveyerga qo‘yilishi haqida ma'lumot yo‘q.

Frankfurt-2015 motoroshousidan onlayn reportaj

Top