21:53 / 15.09.2015
2757

Toshkent harbiy okrugining bir guruh harbiy xizmatchilariga yangi uylarning kalitlari topshirildi

Toshkentning Yunusobod tumanida Toshkent harbiy okrugining bir guruh harbiy xizmatchilari va ularning oila a'zolariga yangi uyning kalitlari tantanali topshirildi. Bu haqda UzA xabar bergan.

Tadbirda harbiy okrug qo‘mondonligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a'zolari Prezidentimiz rahnamoligida Vatan himoyachilarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, xizmatni o‘tash va yashash joylarida sharoitlarni yaxshilash maqsadida ulkan ishlar amalga oshirilayotganini ta'kidladi.

Rekonstruksiya ishlaridan so‘ng ko‘rkam qiyofa kasb etgan mazkur zamonaviy turar joyda harbiylar oilalarining yashashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Maktabgacha ta'lim muassasasi, umumta'lim maktabi, sport inshootlarining yaqinligi harbiy xizmatchilar farzandlari uchun qulaylik yaratadi.

"Oilasidan ko‘ngli to‘q kishining ishida baraka bo‘ladi, – deydi harbiy xizmatchi Farhod G‘afforovning turmush o‘rtog‘i Dildora G‘afforova. – Yangi xonadonimiz har bir oila bekasi orzu qilganidek, yorug‘, shinam, hamma qulayliklarga ega. Bunday g‘amxo‘rlik uchun Yurtboshimizdan minnatdormiz.

Kapitan Ulug‘bek Toshmurodov ham 3 xonali xonadon sohibi bo‘ldi.

"Davlatimiz rahbari Islom Karimov tashabbusi bilan harbiy xizmatchilarning yashash sharoitini yanada yaxshilashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ana shu e'tibor samarasida biz ham yangi xonadonga ko‘chib o‘tdik. Yurtimiz osoyishtaligini saqlashda, chegaralarimiz daxlsizligini ta'minlashda bor kuch-g‘ayratimizni ayamaymiz", – deydi U.Toshmurodov.

Top