19:34 / 15.09.2015
8604

Toshkent metrosi “Hamza” bekatining “Novza”ga qayta nomlanishi bo‘yicha ishlar oxirigacha yetkazilmay qolib ketdi

Bir necha oy avval Toshkent metrosining “Hamza” bekati “Novza” bekati deb yangicha nomlangan edi. Metro xodimlari bu stansiyadagi, metroning har bir vagonida bo‘lgan metro sxemasidagi stansiyaning eski nomini yangisiga tezkorlik bilan almashtirishdi.

Bu borada metro xodimlariga tasanno aytish kerak. Bularning barchasi albatta ozmuncha vaqt, mehnat va mablag‘ talab etmagan.

Biroq nimagadir metro xodimlari o‘z vazifalarini to‘laqonli bajardik, deb o‘ylayotgan ko‘rinishadi. Gap shundaki, bekatlarning nomlarini e'lon qiluvchi ovozli e'lonlarda bu holat inobatga olinmay qolib ketdi. Ko‘pchilik yo‘lovchilar aynan unga ko‘ra mo‘ljal oladilar. Bu ovozli e'lonlarda “Hamza” so‘zi olib tashlanganu, biroq yangi “Novza” nomi kiritilmagan.

Stantsiya qayta nomlangandan ancha vaqt o‘tgach ham, yuqoridagi holat quyidagicha ko‘rinish olmoqda: “Novzaga” bir stansiya qolganda diktorning ovozi har doimgidek “Ehtiyot bo‘ling, eshiklar yopiladi!” deb e'lon qiladi. Shundan keyin hamma yo‘lovchilar diktorning “Keyingi bekat “Novza” deyishini kutadilar, ammo diktor buni e'lon qilmaydi, poyezd esa yo‘lida davom etaveradi.

So‘ngra metro “Novza”ga kelganda diktor qiz bu yerda ham bekatning nomini e'lon qilmaydi, metro haydovchisi esa deyarli ungsiz ovoz bilan anglab bo‘lmaydigan tarzda bekat nomini yo “Novza”, yo “Hamza”, yoxud umuman boshqa bir narsa deb e'lon qiladi.

Bir qarashda arzimagandek tuyulgan bu kamchilik yuzlab odamlar ishlaydigan Toshkent metrosining obro‘siga obro‘ qo‘shmaydi, albatta. Bekatning yangi nomini ovozli e'longa kiritish yoki yangisini yozish nahotki shunchalik qiyin bo‘lsa, degan savol tug‘iladi. Va bunga qancha vaqt talab qilinadi, balki bir, ikki yildir?

Asosiysi, metro xodimlarining mas'uliyatsizligi tufayli “Hamza” bekatining “Novza”ga qayta nomlanishi bo‘yicha ishlar deyarli oxirigicha yetkazilmay qolmoqda.

Top