14:37 / 15.09.2015
4702

Toshkent va Tehron Eron neftini O‘zbekistonga eksport qilish imkoniyatlarini muhokama qildi

Toshkent va Tehron Eron neftini O‘zbekistonga eksport qilish imkoniyatlarini muhokama qildi. Eronning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, bu haqda Eronning O‘zbekistondagi elchisi Ali Mardoniy Fard va O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G‘aniyev o‘rtasida kechgan suhbat chog‘ida so‘z borgan.

“Yangi transport kommunikatsiyalaridan foydalangan holda Eron neftining yetkazilishi hisobiga o‘zbek-eron mahsulot ayirboshlash hajmi 250 milliondan 1 milliard dollargacha ortishi mumkin”, – deyiladi elchixona matbuot xizmati xabarida.

Ilk marotaba 2014 yilning avgust oyida Eronning O‘zbekistondagi elchisi Ali Mardoniy Fard Tehron O‘zbekistonga neft yetkazib berishni boshlamoqchi ekanini ma'lum qilgan edi. “Eron O‘zbekistonga O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon transport koridori orqali yiliga bir million tonnagacha neft yetkazib berishni taklif qilmoqda”, – degan edi Toshkentdagi diplomatik vakolatxona rahbari.

Qayd etish joizki, O‘zbekistonning neftga bo‘lgan talabi yiliga 4,2 mln tonnani tashkil etadi. O‘zbekistonda neft qazib olish hajmi esa so‘nggi yillarda 3,2 mln tonnadan iborat. Ehtiyojlarni qondirish maqsadida ayni paytda O‘zbekiston Qozog‘iston va Rossiyadan neft import qilmoqda.

Top