06:45 / 16.09.2015
3225

Belarusda yil davomidagi ikkinchi banan hosili yetildi

Minsk sabzavotchilik fabrikasi xodimlari kuni-kecha pishib yetilgan navbatdagi banan hosilini yig‘ishtirib olishga tayyorgarchilik ko‘rmoqdalar. Bu haqda fabrikaning o‘simliklarni muhofaza qilish bo‘yicha bosh agronomi Aleksandr Radushkevich ma'lum qildi.

Radushkevichning aytishicha, bu gal ekzotik mevaning ikkita shoxi mevaga kirgan bo‘lib, har bir shodaning og‘irligi 5 kilogrammdan keladi. Belarus bananlarining o‘lchami uncha katta emas – mevalarning uzunligi 10-15 santimetrni tashkil qiladi. Bu bananning joriy yilda yetilgan ikkinchi hosili bo‘lmoqda: birinchi hosil may oyidayoq yig‘ib olingan edi.  

Qayd etilishicha, bananlar hech qanday sun'iy oziqa va maxsus chiroqlarsiz yetishtirilmoqda. Mevaning yetilishi uchun Belarus quyoshining o‘zi yetarli bo‘lmoqda. Belarusda bananlarni yetishtirish bo‘yicha tajriba 4 yildan beri davom etmoqda.

Respublika hukumati an'anaviy ravishda qishloq xo‘jaligining rivojlanishiga katta ahamiyat berib keladi. O‘tgan yilning aprelida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko o‘z vatandoshlarini xorijiy oziq-ovqat mahsulotlaridan voz kechib, faqatgina mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarini iste'mol qilishga chaqirgan edi. Lukashenko xorijiy oziq-ovqat mahsulotlari “bizning organizmga to‘g‘rni kelmaydi”, deb aytgan.

Top