20:32 / 16.09.2015
2431

ICTFORUM 2015 – AKT sohasining dolzarb yo‘nalishlarini muhokama qilish maydonchasi

ICTWEEK Uzbekistan 2015 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi kuzning eng yorqin IT-voqealaridan biriga aylanishi kutilmoqda. 16 va 17 sentabr kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan ICTFORUM 2015 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari forumi esa haftalikning muhim tadbiriga aylanadi.

ICTFORUM 2015 AKT Haftaligi doirasida ilk marotaba o‘tkazilmoqda. Avvaliga, AKT haftaligi mustaqil ravishda tashkil etiladigan tadbirlar turkumini ifoda etar edi. Ya'ni barcha tadbirlar yagona pirovard natija sari yo‘naltirilgan bo‘lsa-da, tashkiliy jihatdan turli yondashuvlarga asoslangan edi. Bu yilgi AKT Haftaligi ixtisoslashtirilgan tadbirlarni yagona format ostida birlashtirdi. Shu tariqa, haftalikning barcha ishchi tadbirlari yagona ICTWEEK Uzbekistan 2015 brendi ostida o‘tkaziladi. Endilikda, ushbu yagona konsepsiyaga ko‘ra, bo‘lib o‘tishi kutilayotgan tadbirlar turkumini nafaqat foydali, balki tadbir ishtirokchilari va tashrif buyuruvchilari uchun qulay tarzda tashkil etish ko‘zda tutilgan. IT-soha vakillari ishtirokidagi uchrashuvlar avvallari ham o‘tkazilgan bo‘lsa-da, bu yil ular ilk bora bevosita AKT haftaligi doirasidagi forumda o‘z ma'ruza va chiqishlari bilan ishtirok etish imkoniga ega bo‘lishadi.

Forumning dasturiy qo‘mitasi tarkibiga turli IT-kompaniyalarning yetakchi vakillari, soha mutaxassislari va xorijiy ma'ruzachilar taklif etilgan. Raqamlar bilan ifodalaganda, ICTFORUM 2015ga 800dan ortiq kishi tashrif buyurib, 100dan ortiq mutaxassislarning 8 yo‘nalishdagi mavzularda so‘zga chiqishlari kutilmoqda.

16–17 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Forum doirasidagi muloqot bloklar ko‘rinishidagi anjumanlar, seksiyalar ko‘rinishidagi yig‘ilishlar hamda mahorat saboqlari va panelli muhokamalar asosida o‘tkaziladi.

Voqealarga boy va qulay tarzda tuzilgan Forum dasturi ishtirokchilarga istalgan yig‘ilishda qatnashish imkonini beradi.

«Dasturiy mahsulotlar. BestSoft Uzbekistan» anjumanida dasturiy ta'minot sohasida erishilgan so‘nggi yutuqlar namoyish etiladi. Anjuman doirasida softver yo‘nalishini rivojlantirish yechimlari, shuningdek dasturiy ta'minotni davlat, biznes va ta'lim sohalarida amalda qo‘llash istiqbollari masalalari muhokama etiladi.

«Telekommunikatsiya va infratuzilma» yo‘nalishidagi uchrashuvlar davomida esa internet, simsiz va uyali aloqa, axborotni qayta ishlash markazlarini yaratish, IaaS, PaaS, virtualizatsiya kabi masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.

«Internet va axborot resurslari» seksiyasida axborot resurslari milliy bozori va elektron ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish mavzulariga oid chiqishlar tinglanadi va muhokama qilinadi. Shuningdek, Uznet`ning muvaffaqiyatli loyihalari ham yig‘ilganlar e'tiboriga havola etiladi.

Tadbirlarni o‘tkazish joyi va sanasi: 16 sentabr, Xalqaro biznes markazi.

17 sentabrda Xalkaro biznes markazida quyidagi tadbirlar bo‘lib o‘tadi:

Elektron hukumat. eGovernment Uzbekistan anjumani doirasida elektron hukumatni yaratish soha vakillari oldiga qo‘yilgan strategik vazifalar, shu paytga qadar amalga oshirilgan loyihalar, axborot texnologiyalari yordamida davlat va jamiyat o‘rtasidagi aloqani yanada takomillashtirish mavzulari muhokama qilinadi.

Startaplar. Forum dasturidan o‘rin olgan Startup anjumanida yangi startap-loyihalarning taqdimoti, soha vakillaridan mahorat saboqlari, xakaton va StartupFactory.uz bitiruvchilari tomonidan ishlab chiqilgan loyihalarning namoyishi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

«Axborot xavfsizligi» seksiyasi ishtirokchilari tomonidan axborot hamda shaxsiy ma'lumotni saqlash tizimi va resurslari himoyasiga oid dolzarb savollarga katta e'tibor qaratiladi. Mazkur yo‘nalishda, shuningdek, axborot xavfsizligi auditi, xavf-xatarlar boshqaruvi, istiqbolli yechimlar va axborot xavfsizligini ta'minlovchi texnologiyalarni yaratish mavzulari ko‘rib chiqiladi.

«AKT va turizm». Shu nomli qiziqarli anjuman 16 sentabrda Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand shahri filialida bo‘lib o‘tadi. Anjuman ishtirokchilari respublikamizning eng mashhur sayyohlik markazlaridan birida bo‘lib, shaharning hozirgi sayyohlik salohiyatiga baho bergan holda unda IT-yechimlarini amalda qo‘llash mavzularida o‘zaro fikr almashishlari kutilmoqda.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi bilan bog‘liq qo‘shimcha ma'lumotni hamda ro‘yxatga olish jarayoni haqidagi ma'lumotlarni ICTWEEK Uzbekistan 2015 rasmiy sayti – www.ictweek.uz orqali olish mumkin.

ICTWEEK Uzbekistan 2015 haftaligi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining yaqin ko‘magi bilan o‘tkazilmoqda. Tashkilotchilar – Axborot texnologiyalari tashkilotlari va korxonalari assotsiatsiyasi va ICTNEWS nashri.

Tadbir bosh homiysi – Huawei Technologies Co. Ltd, strategik homiy – UZTELECOM, uyali aloqa homiysi – UZMOBILE. Shuningdek, LG CNS Uzbekistan va SAP kompaniyalari AKT haftaligi homiylari sanaladi.

Tadbir hamkorlari: Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (UNDP), «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi, UZINFOCOM kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va tatbiq etish markazi, Axborot xavfsizligini ta'minlash markazi, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkentdagi Inxa Universiteti, BePro dasturchilar markazi, InfoCOM.UZ jurnali, Brand.uz, SmartLab, StartupFactory.uz, UNIQUE PRESENT Media Holding, Maslov PR Tashkent.

Top