00:00 / 16.09.2015
3239

Nissan krossover va sportkarni birlashtirdi

Nissan kompaniyasi Frankfurt avtosalonida kontseptual Gripz krossoverini namoyish qildi. Yangi mashina o‘zida ixcham yo‘ltanlamasning unumdorligi va sportkarning dinamik ko‘rsatkichlarini mujassamlashtirgan.

Prototip “Nissan”ning Yaponiya va Yevropadagi dizayn-studiyalari mutaxassislari tomonidan yaratildi. Ularning aytishicha, ular mashinani yaratayotganlarida Datsun 240Z modelining poyga uchun mo‘ljallangan versiyasidan ilhomlanishgan.

1970-yillarda bu mashina bir qator musobaqalarda, jumladan 1973 yilning Safari rallisida g‘alabalarga erishgan.

Bundan tashqari Gripz bahorda Parij avtosalonida ko‘rsatilgan Sway kontseptual xetchbekining bir qator stilistik elementlarini oldi. Xususan, yangi mashina ushbu xetchbeknikiga o‘xshash radiator panjarasi va “bumerangsimon” ko‘rinishdagi optika bilan jihozlandi.

Dizaynerlar krossoverni yaratishda poyga velosipedlarining tashqi qiyofasidan nusxa olishdi. Unga o‘xshash uslubda mashinaning 22 dyuymli g‘ildirak disklari, shuningdek, intererning ko‘p elementlari, jumladan mashinaning eshik tutqichlari velosiped o‘rindiqlari ko‘rinishida ishlangan. Mashina Bridgestone firmasi maxsus ishlab chiqqan yuqori bosimga ega pokrishkalar bilan jihozlandi.

Bosh yorug‘lik faralari velosipedchilar shlemlariga o‘rnatiladigan videoregistrator kabi kichkina “sayohatlar uchun kichik kameralar” bilan jihozlandi.
Mashina benzinli va elektr dvigateldan iborat gibridli kuch qurilmasi bilan jihozlangan. Ichki yonuv dvigateli elektr motor uchun energiya ishlab chiqarish uchungina ishlatiladi.

Avvalroq ma'lum qilingandek, prototipning seriyali versiyasi 2017 yildan konveyerdan olinadigan 370Z modelining o‘rnini bosishi mumkin.

Top