19:05 / 16.09.2015
3788

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Yuridik klinikasi ochildi

2015 yil 15 sentabr kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi huzurida tashkil etilgan Yuridik klinikaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Yuridik klinikaning ochilish marosimida Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon banki vakillari ishtirok etdi.

Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Yuridik klinikasi huquqiy himoya sohasining yangicha ko‘rinishi hisoblanib, o‘zida huquqiy himoya va xuquqiy ta'lim amaliyotini mujassamlashtiradi. Yuridik klinikani tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ishchi-xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi huquqini himoya qilish hamda ularga bepul yuridik xizmat ko‘rsatishdir.

Yuridik klinika quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha faoliyat olib boradi:
Ijtimoiy-huquqiy faoliyat – fuqarolarga huquq va manfaatlarini himoya qilish, qo‘llash va amalga oshirishda amaliy, bepul yuridik (konsultativ) xizmat ko‘rsatish;
Axborot-targ‘ibot faoliyati – keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida ijtimoiy-mehnat sohasiga oid xalqaro va milliy standartlarni targ‘ib etish;
O‘quv-tarbiyaviy faoliyat – klinika ko‘ngilli volontyorlarining xalqaro va milliy standartlarga oid bilimlarini oshirish, huquqni qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirish, demokratik qadriyatlar, qonun ustuvorligi va inson huquqlariga sodiqlik ruhida tarbiyalash, faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish;
Ilmiy-tadqiqot faoliyati – yuridik klinika murabbiylari va volontyorlari tomonidan ijtimoiy-mehnat sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishga doir ilmiy-tahliliy materiallar tayyorlash.

Yuridik klinika faoliyatiga yuridik sohada tahsil olayotgan 30 nafar yosh volonterlar jalb etilgan bo‘lib, ulardan 23 nafari oliy ta'lim muassasalari talabalari va 7 nafari kasb-hunar kolleji va akademik litsey o‘quvchilaridir.

Shuningdek, klinikaga 15 nafar kasaba uyushma faollaridan iborat murabbiylar, 41 nafar amaliyotchilar, oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va taniqli olimlar ekspert tariqasida jalb etilgan.

Huquqiy-konsultativ xizmatlar ko‘ngilli volontyorlar tomonidan murabbiy va ekspertlar nazorati ostida taqdim etiladi. Xizmatlar huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda yordam berish, yozma yoki og‘zaki maslahat va xulosa shaklida taqdim etiladi hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa shakllarda (davlat organlariga murojaat, sudlarga da'vo arizasi) yordam ko‘rsatiladi. Yuridik klinikada to‘liq amaliyot o‘tagan talabalarga maxsus sertifikat beriladi.
Bundan tashqari Yuridik klinikaning ochilish marosimi doirasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti mutaxassilari hamkorligida tayyorlangan “Qonunchilikdagi yangiliklar” to‘plami taqdimoti ham o‘tkazildi. Ushbu to‘plam 2011-2014 yillarda qabul qilingan ijtimoiy-mehnat sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni o‘z ichiga olgan. Mazkur qo‘llanmada qonunchilikning rivojlanish dinamikasi ko‘rinishi, alohida huquqiy hujjatlarga tushuntirish va sharhlar ham berilgan.

To‘plam to‘rt qismdan iborat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro hujjatlar, Qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, Yangi qabul qilingan qonun hujjatlari, Ijtimoiy sheriklik bo‘limlarini o‘z ichiga olgan. To‘plamda 2015 yilda qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hujjatlar tahliliga ham alohida e'tibor qaratilgan.

Bundan tashqari tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan tasdiqlangan “Yakka mehnat nizolari komissiyalari faoliyatini tashkil etish yuzasidan tavsiyalar” taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mazkur hujjat xodimlarning mehnat, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari va manfaatlariga rioya etilishini ta'minlash, ijtimoiy-mehnat sohasida yuzaga keladigan yakka nizolarni sudgacha hal etish tizimini joriy etishning samaradorligini ta'minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, mazkur tavsiyalar korxona, tashkilot va muassasalarda yakka mehnat nizolarini ko‘rib chiqishning yagona amaliyotini shakllantirish, nizolarni hal etish samaradorligini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, yakka mehnat nizolari komissiyalarini tuzish, ular tomonidan yakka mehnat nizolarini ko‘rib chiqish tartibi, komissiya qarori va uni bajarishga doir tavsiyalarni o‘z ichiga oladi.

Har ikkala nashr ham ish beruvchi va xodimlar uchun “Kasaba uyushma kutubxonasi” majmuida chop etilgan navbatdagi qo‘llanma hisoblanadi.

Top