16:06 / 16.09.2015
3502

Samsung`ning dunyodagi birinchi egiluvchi ekranli smartfoni yanvarda ishlab chiqarilishi mumkin

Samsung kompaniyasi displeylar ishlab chiqarish sohasida o‘z innovatsion loyihalari bilan raqobatchilarini ortda qoldirib kelmoqda. 2010 yilda kompaniya dunyoda birinchi Super AMOLED displeyli smartfonni ishlab chiqargan bo‘lsa, 2015 yilda ikki tomoni egilgan ekranga ega ilk Galaxy S6 Edge smartfonini taqdim etdi.

Endi esa 2016 yil avvalidan Samsung`ning dastlabki egiluvchi ekranga ega smartfoni ishlab chiqarilishi ma'lum qilindi.SamMobile nashrining Xitoydagi axborot manbasiga asoslanib xabar berishicha, ayni paytda smartfon test sinovlaridan o‘tkazilmoqda. Sinovlar Snapdragon 620 va Snapdragon 820 protsessori o‘rnatilgan ikki model ustida olib borilmoqda. Xabarlarga ko‘ra, 2016 yil boshida taqdim etiluvchi qurilma 3 GB ichki xotira, microSD sloti va ichki batareyaga ega bo‘ladi.

Nashrning qayd etishicha, Xitoydagi axborot manbai ma'lumoti ishonchli bo‘lib, boshqa mustaqil manba ham buni tasdiqlagan. Qurilmaning faqatgina Janubiy Koreya bozori uchun mo‘ljallanayotgani va Samsung unda nafaqat displey yashovchanligi, balki yangicha turdagi Qualcomm chiplarini ham sinovdan o‘tkazayotgani istisno qilinmadi.
Shu bilan bir qatorda, innovatsion displeyga ega yuqori texnologiyali smartfonning koreys kompaniyasining navbatdagi Galaxy S7 flagmani emasligi qayd etildi.

Aytish joizki, ushbu smartfon haqidagi dastlabki ma'lumotlar oshkor bo‘lgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, yangi qurilmada ikki xil yangi protsessorlar —Samsung kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan va hozirgacha namoyish etilmagan Exynos 8890 va Qualcomm kompaniyasining Snapdragon 820 chiplari sinovdan o‘tkazilmoqda.

Top