10:54 / 16.09.2015
2403

ShHT Xitoyning “Ipak yo‘li iqtisodiy kamari”ni tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydi

Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) mamlakatlari iqtisod va savdo vazirlari Xitoyning “Ipak yo‘li iqtisodiy kamari”ni tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda Xitoyning Shensi provinsiyasi ma'muriy markazi Sian shahrida bo‘lib o‘tgan ShHT vazirlar majlisi yakunlari bo‘yicha e'lon qilingan axborot hujjatida ma'lum qilindi.

Hujjatda qayd etilishicha, tomonlar ShHTga a'zo davlatlarning tashqi iqtisodiy va tashqi savdo faoliyatiga javobgar vazirlari o‘rtasida maslahat va axborot almashishlarni yo‘lga qo‘yishga tayyor. Vazirlar ShHT doirasida elektron savdo, tranzit imkoniyatlari va investitsiyalarni o‘z ichiga olgan savdo-iqtisodiy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyatni kuchaytirishga qaror qilishdi. Shu maqsadda Qozog‘iston raisligida savdolarni soddalashtirish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tashkil etiladigan bo‘ldi.

Kengash yig‘ilishida ShHTga a'zo davlatlar (Xitoy, Rossiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston) vakillaridan tashqari, kuzatuvchi davlatlar (Afg‘oniston, Belarus, Hindiston, Eron, Mo‘g‘uliston, Pokiston) vakillari hamda muzokaralar bo‘yicha hamkorlar (Ozarbayjon, Armaniston, Kamboja, Nepal) ham ishtirok etdi.

24-26 sentabr kunlari Sianda ShHT mamlakatlari mahsulotlarining ko‘rgazmasi tashkil etilib, unda ShHT kuzatuvchi davlatlari va muzokaralar bo‘yicha hamkorlari ham qatnashadi.

Top