18:39 / 18.09.2015
4809

Bloomberg: Kreml Donbassdagi vaziyatni muzlatib qo‘ymoqchi

Rossiya rahbariyati Donbassdagi vaziyatni muzlatib qo‘yishga qaror qildi. Bloomberg agentligining ayirmachilar orasidagi manbalarga tayanib yozishicha, bu G‘arb bilan ziddiyatlarni kamaytirish uchun amalga oshirilmoqda.

Ma'lum qilinishicha, yaqin yillarda Donbass tan olinmagan Dnestrbo‘yi “respublikasi” singari vaziyat hukm sura boshlaydi: u yerdagi to‘qnashuvlar 20 yil muqaddam tugagan bo‘lishiga qaramay, mintaqaning huquqiy maqomi noma'lumligicha qolmoqda.
“Hamma narsa mintaqa lokalizatsiyasiga kelmoqda. Men ko‘rayotgan narsa bu ikkinchi Dnestrbo‘yining shakllanishidir”, - dedi agentlikka Donbass ayirmachilari xavfsizlik kengashi rahbari Aleksandr Xodakovskiy.

Ta'kidlanishicha, “Donbass” loyihasining muzlatib qo‘yilishi Ukraina qarshiligi va G‘arb sanksiyalariga Kremlning dosh bera olmaganini ko‘rsatadi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, Moskva bir tomondan G‘arb bilan munosabatlarni yaxshilash uchun ayirmachilarga ko‘mak berishni to‘xtatadi, ikkinchi tomondan esa Kiyevga bo‘lgan bosimni saqlab qolish uchun Donbassdagi vaziyatni muzlatilgan, har doim portlashga tayyor holda ushlab turadi.

Top