20:35 / 18.09.2015
4767

«LUKOYL» O‘zbekistonda 30 milliard kubometr tabiiy gaz qazib oldi

O‘zbekistonda «LUKOYL» kompaniyasi boshqaruvchiligida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida qazib olingan tabiiy gazning umumiy hajmi 30 mlrd kubmetrni tashkil etdi. Ushbu hajmning asosiy qismi (85 foizga yaqin) Buxoro viloyatida joylashgan Xauzak-Shodi uchastkasiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda «LUKOYL» matbuot xizmati press-relizida ma'lum qilingan.

Xauzak-Shodi uchastkasida gaz qazib olish keng ko‘lamli ishlar 2007 yilning noyabr oyida boshlangan edi. 2011 yilda G‘arbiy Shodi uchastkasi ishga tushirildi. 2014 yilda mazkur hududda gaz qazib olish hajmini 20 foizga oshirgan qo‘shimcha siqish kompressor stansiyasi ishga tushirildi.

Joriy yilning may oyida «Qandim ilk gazi» loyihasi doirasida Qandim konlari guruhiga kiruvchi Quvachi-Olot konida hamda Dengizko‘l konidagi Shimoliy Shodi uchastkasida gazni dastlabki tayyorlash mahsus qurilmalar sinov tarzda ishga tushirildi.

Bugungi kunda Xauzak-Shodi uchastkasida qazib olingan gazning umumiy hajmi deyarli 25 mlrd kubometrni tashkil etmoqda.

«Janubi-g‘arbiy Hisor» loyihasi asosida tabiiy gazni qazib olish ishlari 2011 yilning dekabr oyida boshlangan.

«Hisorni to‘laqonli rivojlantirish» loyihasi esa 2013 yilning bahorida amal qila boshladi.

Qurilishning bosh obektlari – uchastkaning tayanch bazasi, yiliga 5 mlrd kubometr gazni kompleks ravishda tayyorlash hamda 1,8 mlrd kubometr gazni dastlabki tayyorlash qurilmalaridir. Hisorda shu paytga qadar qazib olingan gazning umumiy hajmi taxminan 5 mlrd kubometrni tashkil qiladi.

2004 yildan buyon LUKOYL «O‘zbekneftgaz» Milliy xolding kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda keng qamrovli loyihalarni amalga oshirib, mamlakatdagi eng yirik chet el sarmoyadori o‘rnini saqlab kelmoqda.

Top