16:11 / 19.09.2015
3004

Anons: APLda 6-tur o‘yinlari boshlanmoqda

Bugun Angliya Premer-ligasining 6-tur uchrashuvlariga start beriladi.

CheLSI - ARSeNAL

Turning markaziy uchrashuvi Londonda o‘tkaziladi. Bugun "Chelsi" va "Arsenal" jamoalari derbi bahsida maydonga tushishadi.

Bu o‘yin arafasida mezbonlar 5ta o‘yindan keyin 4 ochko jamg‘argan holda 17-o‘rinda joylashgan. "Arsenal" esa 10 ochko bilan 4-o‘rinda.

Qayd etish kerakki, 16 sentabr kuni "Chelsi" YeChLning guruh bosqichini "Makkabi"ni 4:0 hisobida mag‘lub etgan holda muvaffaqiyatli boshladi. Shundan so‘ng, muxlislar va mutaxassislar jamoaning omadsizliklari yakunlangani haqida fikrlar bildirishni boshladi.

"Arsenal" esa YeChLni safarda "Dinamo Zagreb"dan 1:2 hisobida yengilish orqali boshladi.

Ushbu o‘yin arafasida "kanonirlar" ustozi Arsen Venger Chexning sobiq jamoasiga qarshi harakatlari o‘yinda muhim ahamiyatga ega bo‘lishini aytgan.

"Chelsi" bosh murabbiyi Joze Mourino esa bu o‘yinda bir qator yetakchi futbolchilarni maydonga tushira olmasligi mumkinligidan ogohlantirgan.

Bu jamoalarning oxirgi uchrashuvi shu yilning 4 avgustida o‘tkazilgan, Angliya Superkubogi uchun bahsda "Arsenal" 1:0 hisobida g‘alaba qozongandi.
Ma'lumot uchun, ushbu ikki jamoa APL tashkil topganidan buyon "Stemford Brij" stadionida 23 marta o‘zaro o‘yin o‘tkazishgan va bu o‘yinlarda "Chelsi" 10 marta, "Arsenal" 7 marta g‘alaba qozongan. Yana 6ta o‘yin esa durang natija bilan yakunlangan.

Manchester Siti - Vest Xem

Turning yana bir e'tiborga sazovor uchrashuvi, "Manchester Siti" va "Vest Xem" o‘rtasida o‘tkaziladi.
Bu o‘yin arafasida "shaharliklar" 5ta o‘yindan 15 ochko to‘plagan holda turnir jadvalini boshqarib turibdi. Jamoa muxlislaridan boshqa barcha "Siti"ning qoqilishini kutmoqda.
O‘z navbatida Slaven Bilich boshchiligidagi "Vest Xem" kuchli jamoalarga qarshi o‘yinlarda kuchli o‘yin ko‘rsatadigan jamoa hisoblandi. "Bolg‘achilar" APLning joriy mavsumida "Arsenal" va "Liverpul" kabi grandlarni safar uchrashuvlarida 2:0 va 3:0 hisoblarida mag‘lub etib qaytgandi. "Vest Xem" ayni vaqtda 9 ochko to‘plagan holda 5-o‘ringa joylashgan.
Ushbu bahsga Toshkent vaqti bilan soat 21:30da start beriladi.

Aston Villa - Vest Bromvich

Bugun Birmingem shahrida turnir jadvalining 14 va 15-pog‘onalarini bo‘lishib turgan 2 jamoa, "Vest Bromvich" va "Aston Villa" o‘zaro o‘yin o‘tkazadi. Bu o‘yinda o‘tgan uchrashuvda "Lester"ga qarshi 2:0 hisobidagi g‘alabali o‘yinni oxir-oqibatda 2:3 hisobidagi mag‘lubiyatga aylantirgan "Aston Villa" vaziyatni to‘g‘rilashga harakat qiladi. "Vest Bromvich" esa bu mavsumda ham nursiz o‘yinlar ko‘rsatmoqda va ligani tark etishga asosiy da'vogarlardan biri sifatida qaralmoqda.

Nyukasl - Uotford

Stiv Makmanaman boshqaruvga kelganidan keyin ham o‘yini kuchaymagan "Nyukasl" bu turda liga debyutanti "Uotford"ni qabul qiladi. Bu o‘yin oldidan mezbonlarda 2 ochko (19-o‘rin), mehmonlarda esa 6 ochko (13-o‘rin).

Bornmut - Sanderlend

Bugun APLda yana bir "autsayderlar to‘qnashuvi" Bornmutdagi «Din Kort» o‘yingohida o‘tkaziladi. O‘yinda o‘tkazilgan 5ta turdan 4 ochko olgan "Bornmut" (16-o‘rin) va shuncha o‘yindan keyin 2 ochko bilan qolayotgan (20-o‘rin) "Sanderlend" o‘zaro uchrashadi.
Qayd etish kerakki, ushbu o‘yin natijasi mezbonlar safidagi hujumchi Uilsonning o‘yiniga ko‘p jihatdan bog‘liq.

Stok Siti - Lester

6-tur arafasida 2 ochkosi bilan jadvalning quyi qismidan o‘rin olib turgan "Stok Siti" mavsumni o‘ta muvaffaqiyatli boshlagan va 2 o‘rinni egallab turgan "Lester"ni qabul qiladi.

Bu o‘yin arafasida "Lester" bosh murabbiyi jamoasi o‘yinda gol o‘tkazmasa, barcha futbolchilarni pitssa bilan mehmon qilishga va'da bergan.

Muxlislar bu o‘yinda ham "Lester"ning jazoirlik durdonasi, mavsum kashfiyotiga aylanib ulgurgan Riyod Maxrezning fantastik harakatlarni amalga oshirishini kutmoqda.

Suonsi - Everton

APLda yana bir murosasiz bahs. Ikki jamoa ham kuchli tarkib hosil qilgan. Faqat tajriba va klassdagi farqlar tufayli "APL grandlari" sifatida qayd etilmayotgan jamoalar.
Ayni paytda ikki jamoada ham 8tadan ochko jamg‘arilgan va bu jamoalar 7-8 o‘rinlarda yonma-yon joylashishgan.
Mezbonlar safidagindre Ayyu va Gomis juftligi, mehmonlar safida esa Barkli, Lukaku va Neysmit kabi futbolchilardan muxlislar ko‘p narsa kutishmoqda.

APLning 6-turi 20 sentabr kuni ham davom ettiriladi. Shu kuni yana 3ta jamoa o‘z o‘yinlarini o‘tkazadi.

Tottenxem - Kristal Pelas

Mavsumni omadsiz boshlaganlardan yana biri "Tottenxem" Angliyaning eng barqaror jamoalaridan biri "Kristal Pelas"ni qabul qilmoqda. Alan Pardyuning "Kristal Pelas" jamoasi ayni vaqtda 9 ochko bilan 6-o‘rinda joylashgan.
"Shporlar" esa asta-sekinlik bilan yuqorilamoqda. Qolaversa, jamoa safiga koreyalik iqtidor Son Xyong Min qo‘shilgan. U 17 sentabr kuni Yevropa Ligasidagi uchrashuvda 2ta gol urdi.

Sautgempton - Manchester Yunayted

Ronald Kuman shogirdlarining yangi mavsumda o‘yini pasayganiga qaramasdan, oxirgi mavsumlarda "MYu" bilan murosasiz o‘yinlar o‘tkazayotganini hisobga olgan holda bu o‘yinga ham prinsipial uchrashuv maqomini berish mumkin.
Bu tur arafasida "MYu" 10 ochko bilan uchinchi, mezbonlar esa 6 ochko bilan o‘n birinchi bo‘lib turibdi.

Liverpul - Norvich Siti

APLning 6-turiga "Liverpul" va "Norvich Siti" bahsi yakun yasaydi. Ikki jamoa ham ayni vaqtda o‘ziga yarashmagan o‘rinlardan joy olib turishibdi. "Mersisaydliklar" (10-o‘rin) ham, liga debyutanti "Norvich" (9-o‘rin) ham 7tadan ochko ishlashgan.

Top