11:42 / 20.09.2015
2621

“Formula-1” chempion-muhandisi elektrda harakatlanuvchi superkar yaratmoqda

“Formula-1” poygalarida bolidlari 10 marta chempion bo‘lgan muhandis Edrian Nyui Aston Martin kompaniyasi uchun superkar yaratmoqda. Bu mashina to‘liqligicha elektrda harakatlanishi mumkin. Bu haqda o‘z manbasiga iqtibos keltirgan holda Autocar nashri xabar berdi. 

Hozirda Red Bull jamoasining texnik direktori bo‘lib ishlayotgan Nyui o‘zining birinchi oddiy haydovchilar uchun mo‘ljallangan yangi avtomobilining bir nechta g‘oyasini ko‘rib chiqmoqda. U bu avtomobilda ilg‘or texnologiyalar va poygachilarning tajribasini qo‘llamoqchi.

Nyui yangi superkarning ishlab chiqilishi o‘z vaqtida McLaren F1 kupesi kabi katta taassurot uyg‘otishiga umid bildirmoqda. Brabham va McLaren jamoalari uchun bolidlar yaratgan Gordon Myurrey tomonidan yaratilgan McLaren F1 kupesi 1993 yildan 2005 yilgacha jahondagi eng tezyurar avtomobil hisoblangan.

Avgust oyida Aston Martin rahbari Endi Palmer yangi superkarning yaratilishi masalasi 2015 yilning oxirigacha ochiq qolishini aytgan edi. Bundan tashqari, kompaniya Nyui bilan amalga oshirilayotgan loyihalarga ega emasligini ma'lum qilgandi.

Nyuining Aston Martin bilan hamkorligi haqidagi ilk ma'lumotlar iyulda paydo bo‘lgan edi.

Shuningdek, gibrid kuch qurilmasi oladigan yangi superkar McLaren P1, Ferrari LaFerrari va Porsche 918 Spyder avtomobillariga raqobat tashkil qilishi kerak. Hozircha bu avtomobil faqatgina treklarda yurishi yoki unga umumiy yo‘llarda ham harakatlanishga ruxsat berilishi borasidagi savol noaniqligicha qolmoqda.

Bundan tashqari, “Aston” va Red Bull Technologies tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyihaga Mercedes-AMG ham jalb qilinishi mumkin. Nemislardan superkarga kuch qurilmasi va elektronika tegishi mumkin, degan taxmin bildirilmoqda. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, yangi avtomobil 2018 yilda chiqariladi.

Top